Shu yilning 1–5-may kunlari Aktobe shahrida suzish bo‘yicha o‘tkazilgan Qozog‘iston Ochiq chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 10 ta oltin, 7 ta kumush va 4 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga oltin medallarni Aleksey Derlyugov (100 metr batterflyay, 200 va 400 metr kompleks), Daniil Tulupov (100 metr, erkin suzish), Xurshidjon Tursunov (200 metr, erkin suzish), Daniil Bukin (200 metr, chalqancha), Artyom Kozlyuk (50 metr, batterflyay) olib keldi.
Bundan tashqari, 4x100 hamda 4x200 metr masofaga erkin usulda, 4x100 metr masofaga estafeta musobaqasida O‘zbekiston vakillari marra chizig‘iga birinchi bo‘lib yetib keldi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, Daniil Bukin (50 va 100 metr, chalqancha), Daniil Tulupov (50 metr, erkin suzish), Vladislav Mustafin (100 metr, brass), Yegor Bolotov (200 metr, chalqancha), Artyom Kozlyuk (400 metr, erkin suzish) va Aleksey Tarasenko (200 metr, erkin suzish) kumush medallarga, Vladislav Mustafin (50 metr, brass), Yegor Bolotov (50 metr, chalqancha), Nurulloxon G‘ulomqodirov (200 metr, batterflyay) hamda Aleksey Tarasenko (100 metr, erkin suzish) bronza medallari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joiz, o‘zbekistonlik sportchilardan Xurshidjon Tursunov, Daniil Bukin va Daniil Tulupov Olimpiya o‘yinlarining “A” normativiga juda yaqin natijalarni qayd etdi.
Izoh (0)