Samsung kompaniyasining muhandislaridan tuzilgan volontyorlar jamoasi harakat imkoniyati cheklanganlar uchun ko‘z yordamida boshqariladigan kompyuter sichqonchasini ishlab chiqdi. Bu haqda The Verge ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.

Ushbu loyiha EYECAN+ deb nomlangan va u Janubiy Koreyaning Seul shahrida sinovdan o‘tkazib ko‘rildi. Bunda tug‘ma falaj bo‘lib tug‘ilgan va Yonsei universitetida onasining yordami bilan o‘qigan hamda tamomlagan Hyung-Jin Shin nomli yigit Samsung’ga yordam bergan.
Shin “ko‘z sichqonchasi” yordamida taxminan 200 ta belgidan iborat bo‘lgan to‘rtta gapni 20 daqiqa davomida yozdi. Bunda u bir marta xato qildi va darhol uni o‘chira oldi. Shu bilan birga EYECAN+ foydalanuvchiga biror joydan boshqa joyga olib qo‘yish imkoniyatini ham beradi. Bu bilan Angry Birds kabi o‘yinlarni ham o‘ynash mumkin bo‘ladi.









