Belorussiya prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘z siyosiy faoliyatini yakunlagach o‘qituvchilik bilan shug‘ullanishga tayyor ekanligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Faoliyatimni yakunlagach, sog‘lig‘im ko‘tarsa o‘qituvchi bo‘laman va bajonidil dars beraman”, − dedi u Belorussiya davlat pedagogika universitetida qilgan chiqishida. Lukashenkoning fikricha, uning uchun eng yaxshi lavozim oliy o‘quv yurti rektorligi bo‘ladi, biroq u talabalarga dars o‘tishga ham qarshi emas.
Shuningdek, Belorussiya prezidenti mamlakatda o‘qituvchilarning mavqesini oshirish lozimligini, bu faqat maosh bilangina bog‘liq emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvallari o‘qituvchilar va maktab haqida ko‘plab ajoyib kitoblar va filmlar yaratilgan, biroq hozirgi ijodkorlar boshqa qahramonlarni tanlamoqda va bu jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Izoh (0)