Koreya Respublikasi hududidan Shimoliy Koreya tomon KXDR hukumatini ayblaydigan targ‘ibot varaqalari ortilgan havo sharlarini uchirish katta ko‘lamdagi harbiy harakatlarga olib kelishi mumkin. Bu haqda KXDRning “Minchju Choson” (“Demokratik Koreya”) nomli hukumat gazetasida e’lon qilingan maqolaga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Maqolada qayd etilishicha, KXDR hozirgacha Janubiy Koreya hukumatini “aksiyalar qat’iy qarshi choralarga olib kelishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan”.
Pxenyan Koreya Respublikasi vakillarining mamlakat huquqni muhofaza qilish organlarida bunday havo sharlarini uchirishni to‘xtatish uchun qonuniy asos yo‘qligi haqidagi bayonotidan norozi ekani xabar qilinmoqda.
Ayni damda Pxenyan Seulga varaqalar ortilgan havo sharlarini uchirishni to‘xtatishi uchun bosim o‘tkazib, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi bilan tahdid solmoqda. Shimoliy Koreya mazkur aksiyani urush e’lon qilish bilan tenglashtirdi.
Koreya Respublikasi birlashish bo‘yicha vaziri Ryu Gil Chje Janubiy Koreyaning bu boradagi pozitsiyasini e’lon qilib, hukumat bunday aksiyalarni to‘xtata olmasligini ma’lum qildi. “Fuqarolarning varaqalar jo‘natishi — ularning mamlakat konstitutsiyasi tomonidan ta’minlangan huquqidir”, — deb ta’kidladi vazir.
Izoh (0)