Falastin muxtoriyati prezidenti Mahmud Abbos BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlab, Isroilni G‘azo sektorida “genotsid (odamlarni qirish) urushi” o‘tkazayotganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil harbiy jinoyatlari uchun jazolanishi lozim. Bu haqda BBC axborotiga asoslanib, “RBK” nashri xabar bermoqda.
Falastin muxtoriyati prezidenti G‘azo sektoridagi zararning avvalgi urushlarda kuzatilgan ko‘rsatkichlardan oshib ketganini ta’kidladi. “Isroil bosqinchiligi to‘xtatilishi, urush davomida 1967-yil egallab olingan Falastin chegaralarida mustaqillikni tan olish hamda uning poytaxti etib Sharqiy Quddusni belgilash maqsadiga ega bo‘lmagan muzokaralardan foyda yo‘q”, — dedi Mahmud Abbos.
Isroil Tashqi ishlar vaziri Avigdor Liberman Falastin prezidentining nuqtini “yolg‘onga to‘la ig‘vo” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday nutq yana bir bor prezidentning “aql bilan diplomatik bitim” ishlab chiqishda hamkorlik o‘rnatishni istamayotganini ko‘rsatmoqda.
Falastin yetakchisi, o‘z navbatida, BMT Xavfsizlik kengashining ikki davlat bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilinishiga erishishini ta’kidladi, biroq bu qachon sodir bo‘lishini aytmadi.
Mahmud Abbos nutq so‘zlayotganida tinglovchilar orasida Isroil delegatsiyasi yo‘q edi.
Izoh (0)