Bugun 5-iyul kuni Ravshan Ermatov Braziliyada davom etayotgan Jahon chempionatida o‘zining to‘rtinchi o‘yinini boshqaradi. Chorak final doirasidagi Gollandiya — Kosta-Rika uchrashuvida hakamlik qiladigan o‘zbekistonlik hakam uchun bu rekord qayd etilgan o‘yin bo‘ladi, deb yozadi “Olamsport”.
Tungi uchrashuvdan so‘ng Ermatov 9 ta match bilan jahon chempionatlarida eng ko‘p o‘yinni boshqargan referiga aylanadi. Bunday ko‘rsatkich bilan u Joel Kinyu (Fransiya), Xorxe Larrionda (Urugvay) va Benito Archundia (Meksika)lar rekordidan o‘zib ketadi.
Ermatovga qanotlarda Abduhamidullo Rasulov va Bahodir Qo‘chqorov yordam beradi. Zaxira hakami vazifasini esa kot-d'ivuarlik Numandez Due bajaradi. Gollandiya — Kosta-Rika o‘yini chorak final juftliklari orasida so‘nggisi bo‘lib, u 5-iyuldan 6-iyulga o‘tar kechasi soat 01:00 da (Toshkent vaqti bilan) boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Ravshan Ermatov Shveysariya — Ekvador (1-tur), Xorvatiya — Meksika (3-tur) hamda AQSh — Germaniya (3-tur) o‘yinlarini boshqargan.
Izoh (0)