Luvr muzeyidan qimmatbaho taqinchoqlarni o‘g‘irlashda gumonlanganlar Fransiyadan chiqib ketishga urinish vaqti qo‘lga olindi. Bu haqda Parij prokuraturasiga tayanib mahalliy manbalar xabar berdi.
Le Parisien nashriga ko‘ra, 25-oktyabr kuni taxminan 30 yoshdagi ikki nafar erkak hibsga olingan. Ular Parij yaqinidagi Sena-Sen-Deni tumanidan bo‘lib, o‘z xatti-harakatlari sabab ilgari ham politsiya diqqatini tortgan. Gumonlanuvchilardan biri Sharl-de-Goll xalqaro aeroportidan Jazoirga uchib ketmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga tushgan. Biroq o‘g‘irlangan taqinchoqlarning topilganiga oid hech qanday ma’lumot berilmagan.
Parij prokurori Lore Bekko hibsga olinganlar haqida boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi. Ammo u tergov haqidagi ma’lumotlarning matbuotga sizdirilganini keskin tanqid qildi.
“Bu kabi ma’lumotlarning oshkor etilishi tergovning samarali olib borilishiga to‘sqinlik qiladi. Taxminan yuz nafar tergovchi o‘g‘irlangan taqinchoqlar va jinoyatchilar ortidan safarbar etilgan. Hozircha aniq tafsilotlarni berish uchun ertalik qiladi”, dedi prokuror.
Olamshumul jinoyat sodir bo‘lganidan bir hafta o‘tib, Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunez tergovchilarni “ushbu muvaffaqiyat” bilan tabriklab, X tarmog‘ida post qoldirdi. Biroq u ham tafsilotlarga to‘xtalmadi.
O‘g‘irlangan 102 million dollar
Joriy yilning 19-oktyabr kuni to‘rt nafar niqobli shaxs Luvr kolleksiyasidan qiymati 102 million dollarga baholangan sakkizta qimmatbaho buyumni o‘g‘irlab ketdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, jinoyatchilar muzey yuqori qavatiga kran yordamida ko‘tarilib, deraza oynasini sindirgan. Jinoyatni sodir etgandan so‘ng voqea joyidan motorollerlarda qochib qolgan.
O‘g‘irlangan buyumlar orasida XIX asr boshlarida yashagan qirolicha Mari-Ameliya va qirolicha Gortensaga tegishli toj hamda sirg‘alar ham bor. Napoleon III ning rafiqasi imperatritsa Yevgeniyaning toji esa muzey tashqarisida shikastlangan holda topilgan. O‘g‘rilar qochish chog‘ida uni tushirib yuborgan bo‘lishi mumkin.
XII asr oxirida qurilgan Luvr saroyi dastlab Fransiya qirollarining rasmiy qarorgohi bo‘lgan. Qirol Lyudovik XIV Versalga ko‘chganidan so‘ng 1793-yili qirollik san’at kolleksiyasi uchun muzeyga aylantirilgan.








