Toshkentda issiqlik va issiq suv ta’minoti uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilmoqda. “Gazeta”ning xabar qilishicha, bu haqda xalq deputatlari shahar kengashining 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardayeva ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt aholisi bazaviy tarifning atigi 18 foizini to‘laydi, qolgani esa shahar byudjetidan subsidiyalar shaklida qoplanadi. Hukumat 2030-yilgacha issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirmoqda. Buni amalga oshirishni Moliya vazirligi bilan ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Veolia Energy Tashkent kelgusi 5 yil ichida tariflarni 100 foiz iste’molchilar to‘lashiga erishishni maqsad qilgan.
“2019-yilda (Veolia bilan) davlat-xususiy sheriklik dasturi tuzilganda, har yili kamida 30 foiz oshirish nazarda tutilgan. Lekin amalda 2022-yildan e’tiboran boshlaganmiz. Va shunda birinchi marta 2024-yilda 30 foizga oshirishga erishishimiz kerak edi. Oldingi yili ikki marta 15 foizdan aholiga tarif oshirilgan”, deya eslatgan kompaniya rahbari.
Uning aniqlik kiritishicha, 2025-yilda gaz va elektr energiyasi tariflari 1-apreldan emas, 1-maydan, isitish manbalari uchun esa 15-iyundan oshirilgan.
“Boshqa yo‘limiz yo‘q, uni ko‘tarmasak bo‘lmaydi. Chunki keyingi yillarda qiynalib qolinadi, ya’ni 30 foizdan emas, 40−50 foizdan oshirishga to‘g‘ri kelib qoladi”, deb ta’kidlagan Sevara Pardayeva.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 1 oktyabrdan aholi uchun issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun tariflarni 15 foizga oshirish taklif qilinmoqda. Ayni paytda ko‘p qavatli turar joylarda yashovchi aholi uchun chakana savdo tarifi 121 617 so‘m/Gkalni (QQSsiz) tashkil qiladi. Takliflar ma’qullansa, narx 139 ming so‘mgacha oshadi.
“Shu bilan birga, bizda mana 10 foiz bo‘lsa ham, davlat va boshqa yuridik korxona-iste’molchilarimiz bor. Biz analiz o‘tkazdik: butun respublika bo‘yicha shunday holat mavjud bo‘ldiki, Toshkentdagi tadbirkorlar butun respublikadagi tadbirkorlardan eng past tarifni to‘layotganini aniqladik”, dedi u.
Uning tushuntirishicha, Toshkent shahrida tariflar tabaqalashtirilgan.
“Yuridik korxonalar to‘lamagan ulushni byudjet korxonalari to‘lab beryapti. Bu ham yana davlatning yelkasiga tushayotgan yuk. Lekin shuni aytib o‘tish kerakki, bizda davlat korxonalaridagi tarif bilan yuridik shaxslar tarifi o‘rtasidagi tafovut juda ham kattarib ketgan. Butun respublikada bir xil deb hisoblanadi. Misol uchun, 500 000 so‘m bo‘lsa, davlat korxonasi ham 500 000 so‘mdan to‘laydi, sartaroshxona ham 500 000 so‘mdan to‘laydi, misol uchun, respublikaning boshqa hududlarida. Lekin bizda hozir tafovut juda ham katta. Hozirgi joriy tarifimiz bo‘yicha, davlat korxonalari bir gigakaloriya uchun 801 000 so‘m to‘laydi, yuridik shaxslar esa 241 000 so‘m. Bu degani, bu davlat yelkasiga yanada katta yuk tushayotganidir”, deya ta’kidladi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat korxonalari orasida tijorat tuzilmalari ham mavjud. “Ular, misol uchun, narxni oshiradigan bo‘lsa, davlat hozirgidek to‘lab bermaydi. Bu degani, ular ham o‘z narxini oshiradi va baribir bu yuk iste’molchiga boradi”, deya qo‘shimcha qildi Pardayeva.
O‘tgan yili kompaniya yuridik shaxslar uchun tariflarni 50 foizga oshirishni taklif qilgan, biroq bu taklif qabul qilinmagan va 15 foiz oshirish bilan cheklangan.
“Shuning asosida yil davomida 75 milliard [so‘m]ga yaqin yo‘qotish bo‘ldi, ya’ni zarar ko‘rdik. Endi uni boshqa masalalarni, boshqa xarajatlarni tartibga solib amalga oshirishga harakat qildik. Lekin o‘sha tartibda, ya’ni yildan-yilga bunaqa amaliyotni oshiradigan bo‘lsak, bu noto‘g‘ri natijaga olib keladi, deb o‘ylayman. Bu yili yana 50 foiz oshirish masalasi bilan taklif kiritdik, lekin o‘shanda maslahatlashib, yuridik shaxslar uchun 40 foizga, davlat korxonalari uchun 19 foizga oshirish masalasi taklif qilindi”, dedi Veolia Energy Tashkent rahbari.
Yangi tariflar tasdiqlansa, yuridik shaxslar uchun narx 342,3 ming so‘mgacha, byudjet tashkilotlari uchun esa 954,3 ming so‘mgacha oshadi.
Izoh (0)