Joriy yil I yarmida Qirg‘izistondan O‘zbekistonga qoramol eksporti besh baravar, qo‘y sotuvi esa 10 baravar qisqartirilgan. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.

2025-yil yanvar-iyun oylarida Qirg‘iziston O‘zbekistonga 11 ming 227 ta yirik shoxli qoramol eksport qilgan. Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida bu ko‘rsatkich 53 ming 429 boshni tashkil etgan.
Joriy yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga qo‘shni davlatdan 10 ming 270 bosh qo‘y va echki eksport qilingan bo‘lsa, o‘tgan yil mos davrida mazkur raqam 112 ming 206 ta bo‘lgan. Bunda yillik eksport ulushi qisqarishi qariyb 10 baravardan ortiq.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Qirg‘iziston O‘zbekistonga jami 130 ming 499 bosh qoramol, 233 ming 242 bosh qo‘y va echkilar eksport qilgan.
Qirg‘izistonda go‘sht narxlari osha boshlagan. Masalan, 29-iyulda 1 kilo mol yoki qo‘y go‘shti o‘rtacha 700 som (taxminan 100 ming so‘m) atrofida sotilgan. Mamlakat hukumati go‘sht narxini nazoratga olishi xabar qilingan. Rasmiylarga ko‘ra, bu chora go‘sht narxi keskin oshishining oldini olish, chorva mollarining chegaradan noqonuniy olib chiqilishiga qarshi nazoratni kuchaytirish, chorva eksportiga miqdoriy cheklovlar joriy etish uchun amalga oshirilmoqda.
Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Qirg‘izistondan O‘zbekistonga 40 ming bosh qoramol noqonuniy eksport qilishda gumonlanib 10 kishi hibsga olingan. Mazkur holat mamlakatda go‘sht narxi oshishiga sabab bo‘lgan omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
O‘zbekistonda ham oxirgi bir yilda go‘sht narxi yuqori darajada qimmatlayotgan (32,9 foizgacha oshgan) mahsulot bo‘lib qolmoqda. Joriy yil iyul oyi yakunidagi maʼlumotlarga ko‘ra, respublikadagi eng qimmat mol go‘shti Farg‘ona viloyatida —109 ming 182 so‘m. Viloyatning ayrim tumanlarida suyakli mol go‘shti narxi 130–140 ming so‘mgacha ko‘tarilgan.
Avvalroq joriy yil oktyabr–dekabr oylarida O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan jami 100 ming bosh qo‘y va echki import qilishi bildirilgan.
Izoh (0)