Daryo

Tarixiy rekord: 2025-yilda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti 147 mlrd dollardan oshdi

Statqoʻm mamlakat iqtisodiyoti bir yilda 7,7 foizga oshganini bildirdi. Bunda asosiy ulushni sanoat ishlab chiqarishi tashkil etgan. Oʻz navbatida qishloq xoʻjaligi, qurilish va xizmatlar sohalarida ham sezilarli oʻsish kuzatilgan.

1 daqiqa o‘qish14 461 ko‘rishlar0 izoh4

2025-yil yanvar—dekabr oylarida Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti 1 kvadrillion 849 trillion soʻmdan oshdi. Mamlakat iqtisodiyoti 2024-yilga nisbatan 7,7 foizga oʻsdi, deya maʼlum qildi Statistika qoʻmitasi.   

Oʻtgan yili AQSH dollarining oʻrtacha tortilgan kursi 12 577,35 soʻm boʻlgani hisobga olinsa, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 147 milliard dollardan ortgan. 

Yil davomida respublikada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,8 foizga oʻsib, 1,1 kvdrillion soʻmdan oshgan. Qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi mahsulot va xizmatlari hajmi 4,4 foizga koʻpayib, 538,9 trillion soʻmga yetgan. Qurilishlar ham 14,2 foizga koʻproq bajarilib, umumiy koʻrsatkich 313,9 trillion soʻmni tashkil etgan. Xizmatlar koʻrsatish sohasidagi oʻsish surʼati 8,5 foiz boʻlgan.

Respublikada 2025-yilda inflyatsiya darajasi 7,3 foizni tashkil etgan. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻrtacha 5,4 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlar 5,1 foizga qimmatlashgan. Xizmatlar narxi oʻsish surʼati 13,9 foizga yetgan.

Oʻtgan yili asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 591,1 trillion soʻmni tashkil etgan (yillik oʻsish 10,5 foiz). Bunda toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ulushi 40,5 foizga yetgan. Korxonalar hisobidan oʻzlashtirilgan sarmoyalar 15,3 foiz, davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar hissasi 5,5 foiz boʻlgan.

Yil mobaynida mamlakat tashqi savdo aylanmasi tarixda ilk bor 81,1 milliard dollardan oshgan (yillik oʻsish 20,7 foiz). Xususan, eksport hajmi 33,8 milliard dollar (yillik oʻsish 24 foiz), import koʻrsatkichi 47,3 milliard dollarga (oʻsish 18,5 foiz) yetgan.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev yangi yil tabrigida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi ilk bor 145 milliard dollardan oshganini aytgandi.

2025-yil uchun davlat byudjeti parametrlarida yillik iqtisodiy oʻsish surʼati 6 foiz boʻlishi prognoz qilingan. Shuningdek, yalpi ichki mahsulot hajmi 1,6 kvadrillion soʻmdan ortishi kutilmalari bildirilgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar