Qashqadaryolik fermer bank bilan sudlashishda davom etayotgani, ish Baxtiyor Islomov tashabbusi bilan Oliy sudda ko‘riladigan bo‘lgani xabar berilgandi. Bugun, 19-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sudda fermerning bank tomonidan sotib yuborilgan traktori qaytarib beriladigan bo‘ldi. Bu haqda Oliy suddagi sud majlisida qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida faoliyat yurituvchi “Samandar-nur” fermer xo‘jaligi va “Agrobank” ATB Nishon filiali o‘rtasida 2020-yil 29-oktyabr kuni 784-sonli kredit shartnomasi tuzilib, ushbu shartnomaga ko‘ra bank fermerga 1 dona Arion-630C rusumli universal haydov traktori olish uchun 20 foiz ustama to‘lash sharti bilan 2025-yil 5-noyabrga qadar bo‘lgan muddatga 977 million 500 ming so‘m kredit ajratgan.
Kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida 2020-yil 4-noyabrda tuzilgan garov-ipoteka shartnomasiga asosan “Samandar-nur” fermer xo‘jaligiga hali yetib kelmagan Arion 630C rusumli universal haydov traktori hamda “Qurbonov Javohir” xususiy korxonasiga tegishli to‘yxona, savdo markazi, dorixona va maishiy xizmat ko‘rsatish binosining yerdan foydalanish va mulkka egalik huquqi bilan birgalikda garovga qo‘yilgan.
Biroq bank shartnoma shartlarini bajarmay, belgilangan kreditni 93 kun kechiktirib, 2021-yil 5-fevral kuni pul chiqargan. Fermer tomonidan ham kredit mablag‘larini kelishilgan tartibda va muddatlarda qaytarish majburiyati lozim darajada bajarilmagach, Savdo-sanoat palatasining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi “Agrobank” ATB manfaatida sudga daʼvo kiritgan. Sud daʼvoni qanoatlantirib, fermer va qo‘shimcha javobgar bo‘lgan xususiy korxonaga nisbatan 203 million so‘m kredit foizi, 438 million so‘m muddati o‘tgan kredit asosiy qarzi, 533 million so‘m muddatli kreditning asosiy qarzini undirish va undiruvni haydov traktor iva mol-mulklarga qaratish haqida qaror chiqargan.
Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 2-avgustdagi hal qiluv qarori, shuningdek boshqa quyi instansiyalar bank shartnoma shartiga amal qilmagani, kredit mablag‘ini muddatini o‘tkazib, chiqarib berganini hisobga olmayapti. Shuningdek, Arion 630C haydov traktorini fermer xo‘jaligiga tegishli va garovga qo‘yilgan deb yozilgan.
Holbuki, bank bilan ipoteka shartnomasi tuzilgan payt yaʼni 2020-yil 4-noyabrda haydov traktorini garovga qo‘yish uchun fermer xo‘jaligida mulk huquqi bo‘lmagan. Bundan kelib chiqiladiki, garov shartnomasi noqonuniy rasmiylashtirilgan. Barcha quyi instansiyalarda shu holatga eʼtibor qaratilmadi. Fuqarolik kodeksining 116-moddasiga ko‘ra, qonunchilik talablariga muvofiq kelmaydigan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir, deydi fermer sudda so‘z olar ekan.
Fermerning qo‘shimcha qilishicha, quyi instansiya sudlarida qo‘shimcha javobgar sifatida ko‘rilgan “Qurbonov Javohir” xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan to‘yxona, savdo, dorixona va maishiy xizmat ko‘rsatish binosi garov shartnomasi shartlari to‘liq bajarilgunga qadar tasarruf etishi taqiqlanib, notarius tomonidan taqiq qo‘yilgan.
Biroq, “Samandar nur” fermer xo‘jaligi hisobidan sotib olinayotgan Arion 630C haydov traktoriga nisbatan taqiq qo‘yish yuzasidan hech qanday shartnoma mavjud bo‘lmasa-da, birinchi instansiya sudi “Garov to‘g‘risidagi” qonun normalarini qo‘pol ravishda buzib, shartnomaviy-huquqiy munosabat mazmunini anglamasdan, o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan. Undiruvni “Samandar nur” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan haydov traktoriga qaratgan. Oqibatda biz olgan yangi haydov traktori bank tashabbusi bilan sotib yuborildi. Eng qizig‘i 2020-yil 29-oktyabrda tuzilgan shartnoma bandida “kredit hisobiga 977 million 500 ming so‘mga olinayotgan 1 dona Arion 630C rusumli universal haydov traktori garovga qo‘yilgunga qadar jumlasi ishlatilgan.
Bu kredit bo‘yicha garov bilan taʼminlangan mol-mulklar — “Qurbonov Javohir” xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan to‘yxona, savdo, dorixona va maishiy xizmat ko‘rsatish binosi Arion 630C rusumli haydov traktori garovga qo‘yilishi bilan garov mulki sifatidan chiqarilishini anglatadi. Bank garov bilan taʼminlangan mulklarni mendan ikki hissa miqdorida taʼminot jalb qilib, yaʼni 977 million 500 ming so‘m garov o‘rniga 1 milliard 955 million so‘mni garov qilib olib, fermer xo‘jaligimizga og‘ir shartlar bilan kredit imzolatgan, dedi Ashurali Boltayev.
Sud fermerning daʼvolarini tinglab, birinchi instansiya sudi — Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi “Garov to‘g‘risidagi” qonun normalarini qo‘pol ravishda buzib, 2023-yil 2-avgustdagi hal qiluv qaroridagi “zararni qoplashni Arion 630C haydov traktoriga qaratish” haqidagi vaji bilan kelishib bo‘lmasligini maʼlum qildi. Qarorning esa shu qismini o‘zgartirishni lozim topdi. Fermerning taftish tartibidagi shikoyatini qisman qanoatlantirdi. Oliy sudning bu qarori bank tomonidan sotib yuborilgan haydov traktori fermerga qaytarilishi kerakligini anglatadi.
Izoh (0)