Daryo

Ortda qolgan yarim yil: O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish tezlashib, inflyatsiya pasaydi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotiga ko‘ra, yarim yilda deyarli 57 tonna oltin qazib olindi. Uran va tilla taqinchoqlar eksporti ortdi. Qariyb 3 mln nafardan ortiq odam ish bilan taʼminlandi

3 daqiqa o‘qish6 977 ko‘rishlar0 izoh0

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Daryo”ga O‘zbekistonning 2025-yil yanvar—iyun oylaridagi dastlabki makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini taqdim etdi.

Foto: “Daryo”

Iqtisodiy o‘sish tezlashdi

Vazirlikning maʼlum qilishicha, birinchi yarim yillikda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 6,7–6,8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Bunda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,3 foiz, bozor xizmatlari 13,5 foiz o‘sgan deb hisoblanmoqda. Qishloq xo‘jaligi 4 foiz, qurilish ishlari hajmi 9,7 foizga ortgani qayd etilyapti.

“Inflyatsiya darajasi yil boshiga nisbatan 4,2 foizni (2024-yil mos davrida 5,2 foiz) tashkil etilgan. Yillik hisobda esa 8,7 foiz darajasida shakllandi. Olti oyda davlat byudjeti daromadlari 144,2 trln so‘m bo‘lib, o‘tgan yil yarmidagiga qaraganda 27,8 foiz o‘sdi (+31,4 trln so‘m). Ushbu davrda byudjet xarajatlari 13,1 foizga oshdi (173,3 trln so‘m)”, deyiladi vazirlik hisobotida.

Yarim yil ichida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan jami 1,6 mlrd dolllarlik resurslar ajratilgan. Mazkur davrda asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 265,2 trln so‘mga (o‘sish 8,3 foiz) yetgan. Shundan 71 foizi xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Foto: “Daryo” / Dilbek To‘rayev

Oltin qazib olish ko‘paygan

Olti oylik hisoblarga ko‘ra respublika sanoat mahsulotlari hajmi 460 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Jumladan, bunda asosiy ulush egallagan mahsulotlardan biri oltin bo‘ldi. Yarim yilda mamlakat yirik korxonalari tomonidan 56,7 tonna oltin qazib olindi. Bu o‘tgan yil mos davridagiga qaraganda 3,8 foizga ko‘p. Shuningdek, 80 tonna kumush (yillik o‘sish 16 foiz) ishlab chiqarilgan. Boshqa qator sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari ham sezilarli o‘sgan.

Hisobot davrida respublika tovar-xomashyo birjasi bitimlari 1,3 barobarga (82,7 trln so‘m) ko‘paygan.

Hududlar kesimida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Jizzax (11,8 foiz), Navoiy (10,7 foiz), Xorazm (9,4 foiz), Namangan (9 foiz) va Qashqadaryo (7,2 foiz) viloyatlarida yuqori o‘sish kuzatilgan.

Foto: “Daryo” / Dilbek To‘rayev

Uran va tilla taqinchoqlar eksporti ortdi

Olti oy davomida O‘zbekiston eksporti hajmi 16,9 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yil mos davridagidan 33 foizga o‘sdi. Bunda tovar va xizmatlar eksporti 10,4 mlrd dollarga yetib (oltinsiz), yillik hisobda 23 foizga oshdi.

Eksport o‘sishiga meva-sabzavotlar (40 foiz), zargarlik buyumlari (4,6 baravar), uran (23 foiz), qurilish materiallari (17 foiz), un (42 foiz), farmatsevtika mahsulotlari (20 foiz), turizm (54 foiz), axborot (93 foiz) va transport xizmatlari (22 foiz) tushumlari ortishi turtki bergan.

Hududlar miqyosida Toshkent shahri eksporti hajmi eng ko‘p o‘sdi — 493 mln dollar (31 foiz).

 

Bandlik

Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, yarim yil ichida jami 3 mln 44 ming aholi daromadli ish bilan taʼminlangan. Xususan, tijorat banklari 1 mln 780 ming kishini ish o‘rinlari bilan qamrab olgan. Shundan 661 ming nafari doimiy ishga joylashtirilgan, 1 mln 119 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilingan.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligida 959 ming, qurilishda 137 ming, investitsiya loyihalari hisobiga 168 ming aholi bandligi taʼminlangan.

 

Bank-moliya sohasi

Joriy yil iyunda iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari qoldig‘i 618,5 trln so‘mni tashkil etdi (yillik o‘sish 18,1 foiz). Yarim yil davomida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 8,2 mlrd dollar bo‘ldi. Bu raqam 2024-yil mos davriga nisbatan 26,3 foiz yuqori.

“Yarim yil mobaynida tijorat banklari tomonidan tashqi manbalardan 3,6 mlrd dollar (yillik reja 6 mlrd dollar) jalb qilindi va 2,3 mlrd dollarlik 1,3 mingdan ortiq loyihalar (qiymati 100 ming dollardan yuqori) moliyalashtirildi”, deya maʼlum qilgan vazirlik.

Hisobot davrida bozor xizmatlari hajmi 459,7 trln so‘mga yetgan. Bunda yillik o‘sish 13,5 foizga teng. Jumladan, aloqa va axborotlashtirish (23,2 foiz), moliyaviy (18,2 foiz), transport (13,6 foiz), savdo (9,2 foiz), taʼlim (9,1 foiz), yashash va ovqatlanish xizmatlari (7,5 foiz) yuqori o‘sgan. Shuningdek, savdo va pullik xizmatlardan tushumlar o‘tgan yil mos davriga nisbatan 25,9 foizga (246,4 trln so‘m) ko‘paygan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar