Ikki vazn toifasida sobiq UFC chempioni, irlandiyalik aralash yakkakurash (MMA) ustasi Konor Makgregor ko‘rinishidan kambek qilishga yaxshigina tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘tgan yilning oxirida irlandiyalik sportchi liga bilan muzokaralar boshlaganini aytgan edi. Keyinchalik esa UFC prezidenti Dana Uaytning o‘zi ham bu ma’lumotni tasdiqlab, yozda bo‘lib o‘tadigan Oq uydagi turnirda uning qatnashishi mumkinligi haqida aytib o‘tdi. Konor hozirda doping ofitserlariga doimiy test topshirib, tez orada qaytishiga ishora bermoqda.
Bundan tashqari, UFC rahbari bilvosita shuni tan oldiki, matchmeykerlarda allaqachon Makgregor uchun raqib tanlab qo‘yilgan. Shuningdek, Uayt Konor uchun ikki ehtimoliy raqibning nomzodini rad etdi, biroq bu e’lonni ishonarli tarzda bayon qilmadi. Ikki vazn toifasida sobiq chempionning uzoq kutilgan qaytishiga kim munosib tarzda raqiblik qiladi? Keling ko‘rib chiqamiz.
Maykl Chendler, 39 yosh
Amerikalik yengil vazn toifasi vakili o‘z faoliyatidagi eng qiyin davrni boshdan kechirmoqda va uning jang qiladigan davri o‘tib borayotgandek ko‘rinmoqda. Maykl Chendler 2021-yil yanvarida Den Hukerni mag‘lub etib, ligaga yorqin tarzda kirib kelgandi. Keyinchalik esa Bellator sobiq chempioniga yengil vazn chempioni Charlz Oliveyraga qarshi kamar uchun kurashish imkoniyati berildi, lekin amerikalik nokaut bilan mag‘lub bo‘ldi. Keyin esa Chendlerning ligadagi faoliyati havas qiladigan darajaga chiqmadi va keyingi besh yilda besh jangninig to‘rttasida mag‘lub bo‘ldi (faqatgina o‘sha vaqtda faoliyati achinarli darajaga tushib qolgan Toni Fergyuson ustidan g‘alaba qozongan).
Shuningdek, Maykl hali ham jang qilishga tayyor va hozirda AQShning eng tomoshabop va mashhur jangchilari qatorida bo‘lib turipti. Bundan tashqari, Makgregor va Chendler 2024-yilning yozida jang qilishi kerak edi, lekin Konorning jarohati evaziga bu jang bekor qilingan edi. Bir yil avval esa ehtimoliy raqiblar The Ultimate Fighter realiti-shousida ikki raqib jamoaning murabbiyi sifatida rol ijro etishgan edi. Chendler qancha urinmasin Makgregor bilan jangi bo‘lib o‘tmasligi ma’lum bo‘ldi. Avvalroq Uayt ma’lum qildiki, Konor uchun boshqa raqib izlanmoqda va Maykl ham boshqa raqib bilan o‘z faoliyatini davom ettirishini aytib o‘tdi. Lekin hammasi istalgan vaqtda o‘zgarib ketishi mumkin va UFC Makgregor va Chendler o‘rtasidagi jangni qayta tiklashni ko‘rib chiqishi mumkin.
Xorxe Masvidal, 41 yosh
Kelib chiqishi kubalik bo‘lgan amerikalik 2023-yilda o‘z faoliyatini ketma-ket to‘rt mag‘lubiyatdan so‘ng yakunlagan edi. Yarim o‘rta vazn toifasidagi eng kuchli raqiblardan har tomonlama ortda qolayotgani ma’lum bo‘lgan Xorxe Masvidal ular bilan raqobat qila olmasligini tushunib yetgan edi. O‘zining yoshiga qaramasdan BMF kamarining birinchi egasi foliyatini tugatishni xohlamagan edi, chunki bundan atigi to‘rt yillar avval UFC’ning eng mashhur yulduzlari maqomiga chiqishga erishgan edi. Lekin Masvidal o‘zining hamma his-tuyg‘ularini chetga surib, faoliyatini yakunladi.
Oxirgi uch yilda Xorxening ishlari yomon kechmadi. Bu orada u Neyt Diaz bilan boks bo‘yicha jang qilishga ulgurdi (bahsli tarzda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa ham), biznesga chuqur kirib bordi, promouterlik bilan shug‘ullandi va shunchaki dam oldi. Ko‘rinishidan uning qaytishiga hech qanday belgilar yo‘q edi, lekin yaqindagina uning UFC’ga qaytishi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lishni boshladi. Xorxening o‘zi ham matbuot xodimlari bilan kechgan uchrashuvda, xuddiki liga Makgregor va uning o‘rtasidagi jang ustida ishlayotganini aytib o‘tdi.
“Hozirda mening Makgregorga qarshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan Oq uydagi jangimiz holati yomon emas. Bundan ortig‘ini ayta olmayman, lekin hozircha hammasi rostdan ham yaxshi kechmoqda”, — deydi Masvidal.
UFC prezidenti esa bu ma’lumotni tezda inkor qildi. Lekin liga rahbari bunga o‘xshagan xabarlarni rasmiy kelishuv bo‘lmasdan turib ommaga e’lon qilmaydi va hammaga buni yolg‘on ma’lumot ekanligiga ishontirishga harakat qiladi. Qog‘ozda esa Masvidal va Makgregor o‘rtasidagi jang media va sport nuqtai nazaridan judayam foydali bo‘lishi mumkin. Konor va Xorxening hozirgi sport formasi deyarli bir xil darajada va ular o‘rtasidagi jang raqobatbardosh va shov-shuvli bo‘lishi aniq. Bir narsani yoddan chiqarmasligimiz kerak, Masvidal Donald Trampning eng sevimli jangchilaridan biri va bu Xorxe uchun hal qiluvchi faktorlaridan biri bo‘lishi mumkin.
Neyt Dias, 40 yosh
Stoktonning afsonaviy Gangsteri shubhali tarzda juda ko‘p UFC ga bog‘liq yangiliklarda paydo bo‘lmoqda. 2022-yilda ligani tark etgan Neyt Dias uchun bu hayratlanarli voqea. Gap o‘tgan o‘n yillikning eng yorqin yulduzlaridan biri haqida ketmoqda va u hali ham bu sohaga yaqin bo‘lib turipti. Dias o‘tgan mavsumni bo‘sh o‘tkazdi, lekin undan oldingi mavsumda u boks bo‘yicha Jeyk Pol va Xorxe Masvidalga qarshi ikki katta daromadli jang o‘tkazdi. Birinchisidan mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisini yuqorida aytilganidek, hakamlarning bahsli qarorlari evaziga o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygandi.
Diasning darajasi Oq uyda bo‘lib o‘tadigan UFC turniri uchun juda mos keladi va liga uni nafaqadan qaytishiga turtki bo‘ladigan darajada o‘z davrining eng yorqin yulduzlaridan biri hisoblanadi. Agar uning Makgregorga qarshi jangi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu borada u eng mos raqib bo‘lishi mumkin. Chunki amerikalik va irlandiyalik o‘rtasida afsonaviy qarama-qarshilik tarixi bor.
2016-yilning bahorida Dias Makgregorga qarshi oktagonga chiqadi va katta sensatsiya bilan, uchinchi raundda raqibini bo‘g‘ish usuli bilan mag‘lub etadi. O‘sha yilning yozidayoq revansh jangida Konor hakamlarning qaroriga ko‘ra Diasni mag‘lub etadi. 2026-yilning yozida bo‘lib o‘tadigan UFC oqshomi esa bu prinsipial raqiblarning trilogiyasi uchun ideal vaqt bo‘lishi mumkin. Bu borada Diasni Makgregorga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan raqiblar orasida favorit deyishimiz mumkin.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval