Ozarbayjonning “Qorabog‘” futbol klubi o‘z tarixida ilk marotaba Chempionlar Ligasining pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Bu shunchaki sensatsiya emas, balki jamoaning uzoq yillik mehnati va rahbariyatning murabbiyga bo‘lgan cheksiz ishonchidir.
Chempionlar Ligasi guruh bosqichi boshlanishidan oldin MDH davlatlari muxlislari ikki jamoaga e‘tibor bermasliklarining iloji yo‘q edi – Qozog‘istonning “Qayrat”i va Ozarbayjonning “Qorabog‘” klublari. “Qayrat” klubi atigi bir ochko to‘play oldi, ozarbayjonliklar esa hammani hayratga soldi. “Qorabog‘” 22-o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga chiqdi. Bu muvaffaqiyat ozarbayjonliklar uchun tarixiy natija bo‘ldi.
Natijaning ortida esa “Qorabog‘” klubining 17 yillik bosh murabbiyi Gurban Gurbanov turadi.
Poydevorning shakllanishi
Gurbanov futbolchilik faoliyatida faqatgina mahalliy darajada muvaffaqiyatga erishgan. U asosan Ozarbayjon jamoalarida, jumladan, “Neftchi” va “Turon” klublari bilan ichki chempionatda g‘alaba qozongan. Uning eng katta muvaffaqiyati Ozarbayjon terma jamoasidagi eng yaxshi to‘purarlik bo‘lib, uzoq vaqt bu natija yangilanmagan. Hujumchi terma jamoa safida 1992-2005-yillar oralig‘ida 68 o‘yinda maydonga tushib, 14 ta gol urgan. Hozirda bu natija bilan u ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. 33 yoshida Gurban Bokuning “Inter” klubi safida jiddiy jarohat olib, o‘z faoliyatini yakunlaydi. O‘sha yerning o‘zida u sport direktori lavozimida ishlaydi va tezda murabbiylik faoliyatini boshlashga qaror qiladi.
2006-yilda sobiq futbolchi poytaxtning “Neftchi” klubi taklifini qabul qiladi. Birinchi murabbiylik natijalari unga har xil tajribalar olib keladi. 2006/07-yilgi mavsumda jamoasi ichki chempionatda kumush medallarni qo‘lga kiritib, UEFA Kubogi saralashiga yo‘llanma oladi. Lekin keyingi mavsumning boshidanoq Avstriyaning “Rid” klubiga qarshi ikki o‘yinlik natijadan so‘ng birinchi saralash o‘yinidan o‘ta olmaydi. Shundan so‘ng Gurbanov “Neftchi” klubini tark etishga qaror qiladi.
Gurbanovning murabbiylik faoliyati boshlanishidan biroz oldin ozarbayjonlik biznesmen Taxir Gyozel “Qorabog‘”ning vitse-prezidenti sifatida ish boshlaydi va o‘sha paytda bu klub, ham moliyaviy ham tarkib tomonlama ichki chempionatda raqobatbardosh jamoa emas edi. Gyozel keyinchalik klub prezidenti bo‘ladi va yangi “Qorabog‘”ni qurish uchun mahalliy yosh murabbiylarga ishonch bildirishini aytadi. “Agar futbolimiz rivojlanishini xohlasak, biz Ozarbayjonga investitsiya qilishimiz kerak. Gap faqat futbolchilarda emas, balki mahalliy mutaxassislarga ham ishonch bildirish kerak. Chet ellik murabbiylar Ozarbayjonga faqat ikki sabab bilan: yoki o‘z mamlakatida muvaffaqiyat qozona olmaganidan, yoki katta pul sabab kelishadi. Bizga bu kerak emas”, deydi Gyozel.
Aynan shu sabab 2008-yilda Gurbanov “Qorabog‘” ustozi sifatida tanishtiriladi. Murabbiy hujumkor futbol qurishni maqsad qiladi va o‘z fikrlarini quyidagicha bayon qiladi: “Mening falsafam? Aynan bir elementga bog‘lanib qolgan deb ayta olmayman, lekin umumiy qilib aytganda to‘pni nazorat qilish juda muhim hisoblanadi. Har qanday o‘yin tizimida to‘pni nazorati bilan siz xohlaganday harakat qilishingiz va xohlaganday hujum qilishingiz mumkin”, deydi Gurbanov. Shunday qilib yosh murabbiy bilan romantik hujum poydevori qo‘yiladi. Ta’kidlash joizki, Gyozel prinsiplari futbolchilarga nisbatan qo‘llanilmagan edi va tez orada “Qorabog‘”ga nomdor legionerlar kelishni boshlab, jamoani yildan yilga kuchaytirib boradi.
Ilk g‘alabalar
Gurbanov qo‘l ostidagi “Qorabog‘” birinchi mavsum chempionatda beshinchi o‘rinni egallaydi, lekin ular finalda “Inter” ustidan g‘alaba qozonib, Ozarbayjon Kubogini qo‘lga kiritadi. Jamoaning misli ko‘rilmagan natijasi esa Yevropa Ligasi saralash bosqichining pley-offiga chiqqan birinchi Ozarbayjon klubi bo‘ladi. Pley-offda esa niderlandlarning “Tvente” klubidan ikki o‘yin natijasiga ko‘ra mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, bu natija tarixga kiradi.
Jamoaning Gurbanov boshchiligida bosqichma-bosqich rivojlanishi evaziga natijalari ham ijobiy tarafga o‘zgara boshladi. Klubning besh yillik davri mobaynida ichki chempionatda ikki marta bronza va bir marta kumush medallarini qo‘lga kiritadi. Klub va murabbiyning maqsadlari oshib borgani evaziga 2013/14-mavsum oldidan jamoaga katta vazifa qo‘yiladi — chempionatdagi g‘alaba. “Qorabog‘” oxirgi 21 yilda birinchi bor mavsumni chempion sifatida yakunlab, vazifani a’lo darajada bajaradi. Gurbanov “Qorabog‘”da shunchaki uzoq vaqt qolishi emas balki klub afsonasi bo‘lishi kerak edi. Shunday ham bo‘ldi.
Bir klubda 17 yil — bu qanday bo‘lishi mumkin?
Murabbiy klub boshqaruvida shunchalar uzoq vaqt qolgan ediki, hattoki Chempionlar Ligasi guruh bosqichi raqiblari barcha sakkiz nafar murabbiylarining jamoadagi ish muddatini qo‘shib hisoblaganda ham uning ko‘rsatkichlariga teng kelmaydi. Chempionatda ham o‘xshash suratlar, barcha 11 nafar murabbiylarning ish muddati Gurbanovning ko‘rsatkichlaridan kamroq.
Jamoa 2013/14-mavsumdan boshlab chempionatda yanada ko‘proq oltin medal ola boshlaydi va “Qorabog‘” Ozarbayjonning eng ko‘p sovrin yutgan jamoasiga aylanadi. O‘shandan beri jamoa 2020/21-mavsumni hisobga olmaganda har yili chempionlikni qo‘lga kiritdi. Hozirda klubda 12 ta sovrin bo‘lib, ularning 11 tasi Gurbanov qo‘l ostida qo‘lga kiritilgan.
Bu uzoq davr mobaynida Gurbanov hattoki terma jamoada murabbiyligi tajribasini ham oladi. Mutaxassis 2017-yilning noyabrida Ozarbayjon terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlanadi va bir yildan so‘ng hech qanday natijalarsiz iste’foga chiqariladi. Ammo bu jamoa uchun hech qanday to‘siq bo‘la olmaydi. 2017/18-mavsumda esa tarixda ilk bor ozarbayjonliklar Yevropa Ligasi guruh bosqichiga yo‘l oladi. Asosiy bosqichga saralash o‘yinlarida esa Gruziyaning “Samtredia”, Moldovaning “Sherif” va Daniyaning “Kopengagen” klublarini yengib o‘tadi. Ammo klubga guruh bosqichi omadli kelmaydi. Ularga qarshi bir guruhda “Chelsi”, “Atletiko” va “Roma” kabi top klublar bor edi. “Qorabog‘” oxirgi o‘rin uchun yaqqol nomzod bo‘lsa ham Gurbanov jamoasi kutilmagan natijalar bilan o‘z muxlislarini xursand qiladi. “Atletiko” bilan ikkala bahsda ham durang o‘ynab, ulardan ochko tortib olishga muvaffaq bo‘ladi. “Chelsi” va “Roma” klublariga esa kutilganidek mag‘lub bo‘ladi. Natijada esa “Qorabog‘” ikki ochko bilan oxirgi o‘rinni egallab musobaqani tark etadi.
Hozirda esa jamoa Yevropa Ligasida to‘qqiz marotaba ishtirok etib, o‘zlarining chiqishlari bilan hayron qoldirmay qo‘ydi. 2023/24-mavsumda Gurbanovning jamoasi Yevropa Ligasi guruh bosqichida “Bayer”, “Molde” va “Hekken” klublariga qarshi yaxshi natijalar ko‘rsatib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritadi. Ozarbayjonliklar pley-offning birinchi bosqichida portugaliyaning “Braga” jamoasini yengib syurpriz taqdim qiladi. Nimchorak final bosqichida esa yana o‘sha “Bayer” jamoasiga mag‘lub bo‘lib musobaqani tark etadi. Jamoaning 2021/22-mavsumdagi Konferensiyalar Ligasidagi ishtiroki ham e’tirofga loyiq. O‘sha vaqtda ham ular “Bazel”, “Omoniya” va “Qayrat” jamoalari bilan kvartetda ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqib, Fransiyaning “Marsel” klubiga mag‘lub bo‘lgan edi. Holbuki, yevrokuboklardagi asosiy zafarlari hali oldinda edi.
Uzoq kutilgan muvaffaqiyat
Chempionlar Ligasininig yangi mavsumiga “Qorabog‘” klubi jiddiy qo‘llab-quvvatlashlar bilan keladi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning shaxsan o‘zi 2025-yilgi davlat byudjetidan 2,5 mln yevro mablag‘ ajratib, yangi mavsumga jiddiy tayyorlanayotganini tasdiqladi. Musobaqaning guruh bosqichiga chiqish yo‘lida Irlandiyaning “Shelburn” keyin esa Makedoniyaning “Shkendiyey” va Vengriyaning “Ferensvarosh” klublari ustidan g‘alaba qozonadi.
Gurbanov jamoasi Chempionlar Ligasining birinchi turidayoq “Benfika” ustidan g‘alaba qozonib, turning asosiy sensatsiyasiga sababchi bo‘ladi va shundan so‘ng Portugaliya klubi bosh murabbiyi Brunu Laje o‘rniga Joze Mourinyo taklif etiladi. Keyinchalik esa jamoa “Kopengagen” va “Ayntraxt” jamoalari ustidan o‘z uyida g‘alaba qozonadi va “Chelsi” bilan durang qayd etadi. Aynan shu natijalar evaziga “Qorabog‘” o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasi pley-offiga yo‘l oladi. So‘nggi turdagi “Liverpul”dan uchragan yirik 0:6 hisobidagi mag‘lubiyat esa hech nimaga ta’sir qilmaydi.
Qizig‘i, “Qorabog‘” klubi rahbariyatining fikricha bu natijalar — shunchaki boshlanishi. Klub oxirgi yillarda o‘z moliyaviy holatini yaxshigina mustahkamlab oldi. Yevropa futboli gigantlari yonida esa bu ko‘rsatkich anchagina kamtarona ko‘rinadi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Chempionlar Ligasidagi barcha jamoalar ichida tarkibning umumiy qiymati bo‘yicha faqatgina “Qayrat”dan (12,7 mln yevro) oldinda bo‘lib 35-o‘rinni egalladi. Shunga qaramay, jamoa tobora kuchayib borayotgani yaqqol ko‘rinmoqda.
Yevrokuboklarda yana kimlar hayron qoldirdi?
So‘z so‘ngida esa boshqa yevropa futboli sensatsiyalarini eslab o‘tamiz. Chempionlar Ligasida “Qorabog‘” bilan bir qatorda Norvegiyaning “Budyo-Glimt” jamoasi ham hammani hayratga soldi. Ular ancha vaqt musobaqa jadvalining oxirgi o‘rinlarida yurdi va oxirgi ikki turda “Manchester Siti” va “Atletiko” kabi yirik klublarni yengib qahramonlik ko‘rsatdi va pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Yevropa Ligasida ham yana bir Norvegiya klubi bo‘lgan “Brann” ham pley-off bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Kim biladi, kelajakda ular ham “Qorabog‘” va “Budyo-Glimt” kabi o‘zlarini Chempionlar Ligasida ham ko‘rsatishi mumkindir.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval