Krishtianu Ronaldu to‘p surayotgan Saudiyaning “An-Nassr” futbol klubi X ijtimoiy tarmog‘ida jamoa bosh murabbiyi Luis Kastro iste’foga chiqqanini ma’lum qildi.
Kastro 2023-yil iyulida “An-Nassr”ni qabul qilib olgan edi. Uning qo‘l ostida klub atigi bitta sovrinni qo‘lga kiritdi — jamoa 2023-yilda Arab Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylandi.
Dushanba kuni jamoa Osiyo Chempionlar Ligasining 1-tur uchrashuvida Iroqning “Al-Shorta” klubi bilan durang o‘ynadi. Avgust oyida Saudiya Arabistoni Superkubogi finalida “An-Nassr” “Al-Hilol”dan yirik hisobda (1:4) mag‘lubiyatga uchradi.
OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Kastro o‘rnini “An-Nassr”da “Milan”ning sobiq bosh murabbiyi Stefano Pioli egallashi mumkin.
Avvalroq Ronaldu Kastrodan noroziligini bildirgani, rahbariyatdan Zinedin Zidanni murabbiylikka tayinlashni talab qilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgandi.
Bungacha Kastro Braziliyaning “Botafogo”, Qatarning “Al-Duhail”, Ukrainaning “Shaxtyor” klublariga ustozlik qilgan.
Izoh (0)