AQSH rahbari Jo Baydenni saylovoldi kampaniyasidan “unga toqat qila olmaydiganlar” sobiq prezident Barak Obama va sobiq spiker Nensi Pelosi siqib chiqardi. Bu haqda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp ma’lum qildi.
“Obama unga toqat qilmaydi. U Baydenning saylovoldi poygasini tark etish qarorida o‘z rolini o‘ynadi, chunki u uni qo‘llab-quvvatlamoqchi emasligini aytdi”, — dedi Tramp.
Nomzodning qo‘shimcha qilishicha, Nensi Pelosi ham Baydenni “tashlab ketgan”.
“Ular uni (Baydenni) tashlab ketdi va shunday dedi: yo yaxshilikcha ketasiz, yo biz sizni ta’qib qilamiz. Xuddi shunday bo‘ldi ham. Boshqa iloji ham yo‘q edi. Bunga hech qanday shubha yo‘q... Ular Bayden poygadan chiqishi uchun unga saylovda yutqazishini aniq aytishdi. Menimcha, debatlar uning uchun yakun edi”, ta’kidladi Tramp.
Bayden saylovda qatnashmaydi
21-iyul kuni Jo Bayden prezidentlik saylovidan o‘z nomzodini qaytarib oldi. Siyosatchi partiya va mamlakat manfaatlariga asosan shunday qarorga kelganini aytdi.
Sizning prezidentingiz sifatida xizmat qilish hayotimdagi eng katta sharaf bo‘ldi. Men qayta saylanish niyatida bo‘lgan bo‘lsam-da, o‘z partiyam va mamlakatim manfaatlariga ko‘ra, nomzodimni rad etishim va qolgan muddat davomida faqat prezidentlik vazifamni bajarishga e’tibor qaratishim kerak deb hisoblayman, degan u.
Bayden prezidentlik poygasida Kamala Harrisni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, demokratlar Trampni saylovlarda mag‘lub etish uchun hozir birlashishi kerak.
AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson qaror ortidan Baydenni iste’foga chiqishga chaqirdi. Uning fikricha, keyingi muddatga prezident bo‘lishni istamagan odam hozir bu lavozimni egallamasligi lozim.
Izoh (0)