Ukraina ittifoqchilar ko‘magida urushning qizg‘in bosqichini 2024-yil oxirigacha yakunlashi mumkin. Reja yaqin orada tayyor bo‘ladi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BBCga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“O‘ylaymanki, agar biz birlashsak, masalan, Tinchlik sammiti formati bo‘yicha borsak, urushning qaynoq bosqichini tugatishimiz, buni yil oxirigacha amalga oshirishga urinib ko‘rishimiz mumkin”, dedi siyosatchi.
Zelenskiy “reja tayyor bo‘ladi” deb ishontirdi, agar Ukraina urushning qaynoq bosqichini yakunlashga muvaffaq bo‘lsa, bu to‘g‘ri va kuchli qaror bo‘lishiga to‘xtaldi.
“Mazkur reja hamkorlar bilan birlashishi kerak, bu ularning xohishiga bog‘liq bo‘ladi. Shunda hech kim o‘zining urushni tugatish bo‘yicha tashabbuslari bilan o‘ynashmaydi. Bu keyinchalik Rossiyaga bosim o‘tkazadigan hamkorlarga ham bog‘liq. Rossiya ‘o‘tirib urushni tugatish haqida o‘ylashga’ rozi bo‘lishi uchun”, deydi Ukraina prezidenti.
U urush harbiy yo‘l bilan emas, diplomatik yo‘l bilan yakunlanishini ta’kidladi.
“Bu barcha hududlar kuch bilan qaytariladi, degani emas. O‘ylaymanki, diplomatiya kuchi yordam berishi mumkin”, dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning jang maydonidagi zaifligi muzokaralar stolida Ukrainaning kuchiga aylanmoqda.
“Rossiyaga bosim o‘tkazib, diplomatik kelishuvga erishish mumkin deb hisoblayman”, deya xulosa qildi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, 15—16-iyun kunlari Shveysariyada 100 ta davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirokida birinchi Tinchlik sammiti bo‘lib o‘tdi.
Uning yakunlari bo‘yicha prezident Vladimir Zelenskiy ikkinchi Tinchlik sammiti “yillar emas, oylar ichida bo‘lib o‘tishi” va unda Rossiya vakillari ishtirok etishini aytdi. Ukraina rahbarining fikricha, tadbir BAA yoki Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi mumkin.
Kremlning ta’kidlashicha, Rossiya “Ukraina kelishuvi” bo‘yicha muloqotga tayyor, ammo Moskva ikkinchi Tinchlik sammitida nima muhokama qilinishini tushunishi lozim.
Izoh (0)