Toshkent shahrida issiqlik tarmoqlarini gidravlik sinovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda, deb xabar beradi Veolia Energy Tashkent matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 20-iyundan 2-avgustgacha Toshkent shahrida issiqlik tarmoqlarining gidravlik sinovlari (mexanik kuch va zichlik uchun yuqori bosim ostida issiqlik tarmoqlarining sinovlari) o‘tkaziladi. Sinov ishlari issiq suv taʼminotini o‘chirmasdan amalga oshiriladi.
Sinovlar davomida issiqlik tarmoqlari quvurlarining shikastlanishi, issiq suv yo‘llar va yo‘laklarga chiqishi mumkin. Haydovchilar, piyodalar hamda maʼmuriy va turar-joy binolaridagi yurtdoshlarimizdan eʼtiborli va ehtiyot bo‘lish so‘raladi.
Nosozliklar aniqlangan taqdirda (78) 129-01-85 telefon raqami orqali maʼlum qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, poytaxtda isitish mavsumi 26-martdan yakunlangan edi. 2023-yil yakuniga ko‘ra, yuridik shaxslar uchun issiqlik taʼminoti xizmatlari tariflari 1,5 baravarga, byudjet muassasalari uchun esa 1,6 barobarga oshgandi. O‘shanda aholi uchun tarif o‘zgarishsiz qolgandi, Veolia Energy kompaniyasining issiqlik taʼminoti uchun bazaviy tarifi 67,3 foizga — 664 465 so‘mga oshgan.
Izoh (0)