Boks bo‘yicha og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Mayk Tayson Mayamidan Los-Anjelesga uchayotgan vaqtida tibbiy xizmat xodimlariga murojaat qildi. Bu haqda NY Post nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, qo‘nishga 30 daqiqa qolganda sportchi oshqozon yarasining ochilib ketishi oqibatida boshi aylangan va o‘zini juda noxush his qilgan. Taysonning jamoasi bokschi hozirda o‘zini yaxshi his qilayotganini ma’lum qildi.
“Tayson o‘zini yaxshi his qilyapti. U o‘z vaqtida yordam ko‘rsatgan tibbiyot xodimlaridan minnatdor”, — deyiladi bayonotda.
7-mart kuni Tayson bloger Jeyk Polga qarshi jang o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi. Jang 20-iyul kuni AQShning Arlington shahridagi A&T arenasida bo‘lib o‘tadi.
Tayson o‘z faoliyatini 2005-yilda yakunlagan. 1987-yildan 1990-yilgacha u og‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioni bo‘lgan. Tayson 58 ta jang o‘tkazib, 50 tasida g‘alaba qozongan (44 tasi nokaut bilan) va 6 tasida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. Uning ishtirokidagi yana ikkita jang o‘tkazilmagan deb topilgan.
Izoh (0)