Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi O‘zbekistonga kam quvvatli atom elektr stansiyalari loyihalarini taklif qilishga tayyor. Bu haqda Rossiya savdo va sanoat vaziri Denis Manturov “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasida aytib o‘tdi.
Bugungi kunda “Rosatom” davlat korporatsiyasi va “O‘zatom” agentligi atom elektr stansiyasini (AES) qurish bo‘yicha bosh shartnomani ishlab chiqmoqda. Bu keng ko‘lamli va murakkab loyihadir. “Rosatom” O‘zbekistonga qo‘shimcha yechimlarni, jumladan, kam quvvatli atom elektr stansiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan yechimlarni ham taklif qilishga tayyor, — dedi u.
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, AES qurilishi uchun joy allaqachon tanlangan va bu joy Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinida joylashgan. Bu yerda o‘tkazilgan muhandislik tadqiqotlari atom elektr stansiyasini qurish uchun qulay joy ekanligini tasdiqlagan. Bundan tashqari, loyihaning optimal texnik konfiguratsiyasi allaqachon aniqlangan.
“Endilikda o‘zbekistonlik va xalqaro ekspertlar bilan birgalikda atom elektr stansiyasini energetika tizimiga integratsiyalash, qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan hamkorlikda ishlash, stansiyani ishlatish uchun suv hajmini kamaytirish va elektr energiyasini maksimal darajada ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnik masalalar hududning iqlimiy xususiyatlarini hisobga olgan holda ko‘rib chiqilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Denis Manturov.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yil dekabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Shundan so‘ng, 2018-yil sentabr oyida Rossiya loyihasi bo‘yicha O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim tuzilgan edi.
“Rosatom” O‘zbekistonda VVER-1200 reaktorlariga ega ikkita energoblokdan iborat kompleks qurishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)