“Tolibon” harakatining sobiq matbuot kotibi o‘rinbosari Bilol Karimiy Afg‘onistonning Pekindagi elchisi bo‘ldi. Shu tariqa Xitoy dunyoda “Tolibon” bilan eng yuqori diplomatik darajada aloqa o‘rnatgan birinchi davlat bo‘ldi.
Ishonch yorliqlarini topshirish marosimi 30-yanvar kuni Pekindagi Xalq majlislari zalida bo‘lib o‘tgan. Unda 42 davlatdan kelgan yangi elchilar diplomatik hujjatlarni Si Szinpinga topshirgan va shundan so‘ng de-yure o‘z vazifasini bajarishga kirishgan. 2023-yil sentyabr oyida Xitoy hukumati ham “Tolibon” hokimiyatga kelganidan so‘ng dunyoda birinchi bo‘lib Kobulga o‘z elchisini tayinlagan edi.
AQSHning bunga munosabati qanday?
AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller Xitoy raisining “Tolibon” elchisidan ishonch yorliqlarini qabul qilishiga javoban, Pekinning “Tolibon”ni tan olish borasidagi pozitsiyasi haligacha noaniq ekanini aytdi.
U Xitoy va “Tolibon” o‘rtasidagi mavjud munosabatlar AQSHning “Tolibon”ni tan olish borasidagi siyosatini o‘zgartirmasligini yana bir bor ta’kidlab, toliblar tan olinishga sazovor bo‘lish uchun aniq qadamlar qo‘yishi, jumladan, ayollarning mavqeyini oshirishi kerakligini ta’kidladi.
Izoh (0)