Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi haqidagi protokolni tasdiqladi. Hujjat hukumatning Resmi Gazete gazetasida e’lon qilindi, deb yozmoqda Anadolu.
23-yanvar kuni Turkiya parlamenti protokolni ratifikatsiya qilish uchun ovoz bergandi.
Vengriya Shvetsiyaning alyansga qo‘shilish arizasini hali ratifikatsiya qilmagan NATOga a’zo yagona davlat bo‘lib qolmoqda. NATOga kirish uchun nomzod davlatning arizasi alyansning barcha a’zolari tomonidan ma’qullanishi kerak.
Shvetsiya Finlyandiya bilan birga 2022-yilning yozida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgandi. Mamlakatlar Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini fonida shunday qarorga keldi.
Finlyandiya 2023-yil aprel oyida NATOga aʼzo bo‘ldi. Shvetsiyaning NATOga kirishi Turkiyaning mamlakatni Kurdiston ishchilar partiyasi (Anqara uni “terrorchi tashkilot” deb hisoblaydi) aʼzolariga boshpana berganlikda ayblovchi qarshiliklari tufayli kechiktirildi.
Izoh (0)