Shavkat Mirziyoyev raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish boshlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Davlat rahbari yalpi ichki mahsulotni oshirish bo‘yicha katta marra olinganini, lekin bunga faqat ichki investitsiya va ichki bozor bilan erishib bo‘lmasligini qayd etdi:
“Yagona to‘g‘ri yo‘limiz – xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish va eksportni ko‘paytirish”.
Prezident bevosita investitsiya, sanoat va eksportga masʼul 11 ta vazirlik va idora, 10 ta uyushma, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar, bundan tashqari, barcha vazirlik, tarmoq va hududlarda eksport va investitsiyaga masʼul rahbar o‘rinbosari faoliyat yuritayotgan investitsiyalar va tashqi savdo tizimining faoliyati juda sustligini ko‘rsatib o‘tdi.
Hozirgi murakkab vaziyatda tizimda investitsiya va eksport bo‘yicha chuqur tahlil yo‘qligi tanqid qilindi.
Ta’kidlanishicha, mamlakatning asosiy bozorlari bo‘lgan mamlakatlardagi devalvatsiya, jahonda ro‘y berayotgan ziddiyatlar va logistika hisobiga ularga eksport kamaygan.
Bunday murakkab vaziyat bugun yoki kecha boshlanmagani, Investitsiya vazirligi va tarmoqlar rahbarlari eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish ustida o‘z vaqtida bosh qotirmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalroq davlat rahbari tizimni qayta ko‘rib chiqib, iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar sonini 15 foizga qisqartirish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq bergan edi. Bunda har bir tumanda, viloyatdagi iqtisodiy kompleksning rahbar va o‘rinbosarlari hamda 11 ta vazir va idora rahbari, o‘rinbosarlariga masʼuliyati va javobgarligi aniq belgilab beriladi. So‘rov ham shunga yarasha qattiq bo‘ladi.
Izoh (0)