O‘zbekiston 9-sentabr kuni Qorabog‘da o‘tkazilgan prezident saylovlarini tan olmaydi. Tashqi ishlar vazirligi bu haqda bayonot bilan chiqdi.
“O‘zbekiston Respublikasi do‘st Ozarbayjon Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qatʼiy qo‘llab-quvvatlaydi, uning ichki ishlariga har qanday aralashuvni qoralaydi va 2023-yil 9-sentabr kuni Qorabog‘da o‘tkazilgan qo‘shtirnoq ichidagi prezident saylovlarini tan olmaydi”, — deyiladi bayonotda.
9-sentabr kuni Tog‘li Qorabog‘ milliy assambleyasi (parlamenti) 45 yoshli Samvel Shahramanyanni tan olinmagan respublikaning yangi prezidenti etib sayladi. Interfaks xabarida unga parlamentdagi 23 deputatdan 22 nafari ovoz bergani ma’lum qilingan. Shaxramanyan prezident lavozimiga yagona nomzod bo‘lgan.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Tog‘li Qorabog‘dagi prezidentlik saylovini “Ozarbayjon Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlari, xalqaro huquq normalari va tamoyillarini qo‘pol ravishda buzish” deb atagan. Vazirlik xalqaro hamjamiyatning barcha aʼzolarini xalqaro huquq bo‘yicha o‘z majburiyatlariga muvofiq Ozarbayjonning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi qo‘yilgan qadamlarga to‘g‘ri siyosiy baho berishga, shuningdek, Qorabog‘dagi “saylov” deb atalgan noqonuniy faoliyatni keskin qoralashga chaqirgan.
Yevropa Ittifoqi prezidentlik saylovini va saylangan nomzodni tan olmasligini e’lon qilgan.
Izoh (0)