Samarqand viloyat IIB Tergov boshqarmasi xodimlari va uning quyi tizimidagi tergovchilar 2023-yilning o‘tgan besh oyi davomida 2685 ta jinoyat ishini tergov qilgan. Bu haqda boshqarmaning joriy yilning besh oyi yakunlariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishida maʼlum qilindi, deya xabar qildi viloyat IIB axborot xizmati.
Samarqand viloyat IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sagdullayevning “Daryo”ga bildirishicha, tergov qilingan ishlar bo‘yicha 1917 nafar shaxs sudga berilgan.
“Joriy yilning besh oyi davomida Tergov boshqarmasi va uning quyi tizimi tomonidan jami 2685 ta jinoyat ishi tergov qilinib, shundan 1865 tasi yoki 69,5 foizi tamomlangan. Tamomlangan ishlarning 1510 tasiga ko‘ra, Jinoyat protsessual kodeksining 381-moddasi tartibida ayblov xulosasi va ayblov dalolatnomalari tuzilgan. 110 tasi bo‘yicha 584-moddasi tartibida yarashuvga erishilgan. 4 tasi bo‘yicha 572-moddasi tartibida majburiy tibbiy davolanish bilan sudlarga yuborilgan. Jinoyat ishlarining 191 tasi kodeksning 83—84-moddalari tartibida tugatilgan”, — deydi Jahongir Sagdullayev.
Taʼkidlanishicha, tamomlangan ishlar bo‘yicha 1917 nafar kishi sudga berilgan.
“Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga berilganlarning 791 nafaridan munosib xulq atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat olingan. 559 nafariga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chora qo‘llanilgan. 431 nafariga nisbatan garov qo‘llanilib, ochiqqa chiqarilgan. 58 nafariga shaxsiy kafillik qo‘llanilgan. 27 nafariga uy qamog‘i, 25 nafariga kuzatuv ostiga topshirish tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan. Tergovchilar tomonidan qidiruvda bo‘lgan 8 nafar shaxs ushlangan”, — deydi masʼul.
Qo‘shimcha qilinishicha, shu muddat davomida aniqlangan 78 milliard 701 million so‘mlik moddiy zarardan 69 milliard 949 million so‘mi undirilgan.
Izoh (0)