Toshkent shahar IIBB Chilonzor tumanida yo‘l harakati qatnashchilarining hayotini xavf ostiga qo‘yib, prank olgan yigitlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda nomaʼlum fuqaro Chilonzor tumanida jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Idoraning qayd etishicha, 31-may kuni Chilonzor tumani “Chilonzor” metro bekati oldidagi yo‘l qatnov qismining piyodalar o‘tish joyida 19 yoshli P.D. va ushbu prankni tasvirga olishga jalb qilingan tanishi 23 yoshli T.M. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, go‘yoki o‘zini oyog‘i singan holatda ko‘rsatib, yo‘l qatnov qismida sunʼiy tirbandlik sodir etgan hamda yo‘l harakati qatnashchilarining hayotini xavf ostiga qo‘ygan.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan ushbu fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudiga yuborilgan.
Sudning 2-iyundagi qaroriga ko‘ra fuqarolar T.M. va P.D. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, ushbu kodeksning 32-moddasi (Maʼmuriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar) 4-qismi tartibida ularning har biriga uch sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Bir necha kun oldin Toshkent shahrida metro ichida ikki yigit notanish qizga shilqimlik qilib, holatni videoga olgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 1-iyundagi qaroriga ko‘ra ular Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, ushbu kodeksning 32-moddasi (maʼmuriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar) 4-qismi tartibida ularning har biriga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Izoh (0)