O‘zbekistonga 2023-yilning to‘rt oyida 22,7 ming nafar xorijliklar davolanish maqsadida kelgan. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yanvar—aprel oylarida 2 milliondan ortiq chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. 2023-yilning to‘rt oyida mamlakatga kelgan chet el fuqarolarining safar maqsadlari quyidagicha:
- qarindoshlarni yo‘qlash – 1 million 754,2 ming kishi;
- dam olish – 185,9 ming kishi;
- xizmat yuzasidan – 38,6 ming kishi;
- davolanish – 22,7 ming kishi;
- tijorat – 14 ming kishi;
- o‘qish maqsadida – 4 ming kishi.
2022-yil noyabrda O‘zbekistonda fuqarolar ko‘proq qanday maqsadda chet elga chiqib ketayotgani ma’lum qilingandi. Xususan, 2022-yil yanvar–oktabr oylarida davolanish maqsadida ketganlar 40 ming kishini tashkil etgan. 2022-yilning 10 oyida esa 60 316 nafar chet el fuqarosi davolanish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan. O‘tgan yilning birinchi choragida 9,5 ming O‘zbekiston fuqarosi xorijda davolanish uchun chiqqan.
Izoh (0)