Ispaniya tomonidan taqdim qilingan 800 640 doza Pfizer (TRIS, RTU original) vaksinasi kuni kecha O‘zbekistonga yetkazildi va aeroportda mamlakat masʼullariga topshirildi, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, mart oyida O‘zbekistonga olib kelingan koronavirusga qarshi vaksinalar miqdori 2 960 640 dozani tashkil qilgan. Ushbu Pfizer vaksinalari Shvetsiya, Italiya, Chexiya, Xorvatiya, Ispaniya tomonidan taqdim qilingan.
“Pfizer (TRIS, RTU original)ning boshqa turdagi vaksinalardan, shuningdek, ushbu Pfizer’ning avvalgi versiyalaridan farqi shuki, yangi partiya vaksinalari virusning eng so‘nggi shtammlariga taʼsir qilish imkoniyati yuqori. Ushbu vaksinalar yurtimizga COVAX dasturi doirasida yetkazib berilmoqda”, — deydi Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Tursunova.
O‘zbekistonga taqdim qilingan vaksinalarning mamlakatlar kesimidagi taqsimoti quyidagicha:
- Shvetsiyadan — 722 880 doza;
- Italiyadan — 702 720 doza;
- Ispaniyadan — 800 640 doza;
- Chexiyadan — 446 400 doza;
- Xorvatiyadan — 288 000 doza vaksina keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil noyabr oyida O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi emlash uchun 549 900 doza Pfizer vaksinasi keltirilgandi.
Izoh (0)