Samarqand viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Samarqand xalqaro aeroportida odam savdosi jinoyatining oldi olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 29 yoshli fuqaro ariza bilan murojaat qilib, unda Ishtixon tumanida yashovchi 35-40 yoshlardagi ayol o‘zining jinoiy sherigi bilan moddiy manfaat evaziga fohishalik bilan shug‘ullanishi uchun BAAning Dubay shahriga yuborayotganini maʼlum qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda ushbu ayol 29 yoshli juvondan 5 ming dollar miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida aeroport chegara hududida ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida qizlarni Indoneziyaga fohishalikka yubormoqchi bo‘lganlar qamalgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)