Turkiyaning “Sivasspor” klubi yordamchi murabbiyi Ayxan Tenbeo‘glu zilzila oqibatida 15 nafar oila a’zosini yo‘qotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda jamoa bosh murabbiyi Rizo Chalimbay Cumhuriyet nashriga bergan intervyusida gapirgan.
“Jamoa yordamchi murabbiylaridan biri Ayxan Tenbeo‘gluning Hatayda istiqomat qiluvchi ko‘plab qarindoshlari zilzila oqibatida vafot etganini bildik. Unga qo‘ng‘iroq qildim va 15 nafar oila a’zosidan ajralib qolgani haqida bildim. Uning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz”, — deydi Chalimbay.
Qayd etilishicha, voleybol bo‘yicha “Hatay” ayollar klubining 14 nafar vakili bedarak yo‘qolgan, shuningdek, “Belediyespor” voleybol jamoasining uch nafar a’zosi ham vayronalar ostida qolgan, ularning ikki nafari qutqarib olingan. Kaxramanmarashdagi kurash arenasi qulab tushgan, u yerda 30—40 nafarga yaqin yosh sportchilar bo‘lgan va ularning taqdiri noma’lum bo‘lib turibdi.
Avvalroq “Malatyaspor” futbol klubi darvozaboni Ayyub Turkaslan zilzila oqibatida vafot etgani. Zilzila markazlaridan biri bo‘lgan Hatay viloyatining “Hatayspor” klubining 4 nafar futbolchisi va murabbiylar shtabining ikki vakili xarobalar ostidan qutqarib olingani xabar qilingandi. Klubning legioner futbolchisi, “Chelsi” sobiq o‘yinchisi Kristian Atsu ham qutqarilgan.
Shuningdek, Kaxramanmarashdagi xalqaro musobaqada qatnashish uchun borgan o‘zbekistonlik yosh kurashchilar zilzila epitsentridan olib ketilgan va Anqara—Istanbul—Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga qaytib kelishi ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)