Toshkent viloyati Parkent tumanida avtokran qulab tushishi oqibatida mashinist vafot etgandi. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi ushbu baxtsiz hodisani tekshirish nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi (Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi) xodimlari tomonidan dastlabki o‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, voqea 2-fevral kuni soat taxminan 10:00 larda yuz bergani aniqlangan.
Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi qurilish obyektida beton konstruksiya ikkita kran yordamida ko‘tarilayotganda Zoomlion QV55V rusumli avtokran qulab ketgan va natijada kranchi 1985-yilda tug‘ilgan S.A. olgan tan jarohatlari tufayli vafot etgan.
Yuqorida ko‘rsatilgan baxtsiz hodisani tekshirish Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan nazoratga olingan hamda hukumatning tegishli qaroriga muvofiq tuzilgan komissiya ish boshlagan. Komissiya tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruv natijalari ma’lum qilinadi.
Mazkur holat yuzasidan Parkent tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.
Izoh (0)