Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri va tumanlarida metan gaz zapravkalari faoliyatiga ruxsat berildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Shuhrat Saidahmadov xabar qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, zapravkalar faoliyatiga bugun, 30-yanvar kuni tush paytidan boshlab ruxsat berilgan.
Nukusdagi metan zapravkalari maxsus tasdiqlangan jadval asosida faoliyat yuritishni boshlaydi. Bugun, 30-yanvar tush paytidan boshlab faoliyati qayta tiklangan zapravkalarda bir necha kilometrgacha cho‘zilgan navbatlar bor, — deydi bu haqda metan gaz zapravkalarida bo‘lib xabar bergan “Daryo” muxbiri.
Shuhrat Saidahmadovning qo‘shimcha qilishicha, faoliyatiga ruxsat berilgan metan zapravkalarida jamoat transportlari uchun maxsus yo‘lak tashkil etilib, alohida navbatda turish tartibi yo‘lga qo‘yilgan.
Avvalroq kunlar isiy boshlashi bilan barcha hududlardagi metan gaz zapravkalari faoliyatiga ruxsat berilishi xabar berilgandi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov OAV vakillari bilan muloqotida metan gaz zapravkalari faoliyatiga ruxsat berilgach, ularda narx oshishi mumkinligini taʼkidlagandi.
Izoh (0)