AQSH Kongressi Vakillar palatasi ovoz berishning 15-bosqichidan keyin respublikachi Kevin Makkartini yangi spiker sifatida sayladi, deb xabar bermoqda CNN telekanali.
Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, palatadagi respublikachilar yetakchisi Makkarti 216 ta ovozni qo‘lga kiritgan, uning asosiy raqibi — demokrat Xakim Jefrisga esa 212 kishi ovoz bergan.
Bu 100 yil ichida Vakillar palatasi spikeri saylovi bitta bosqichdan ko‘proq davom etishi bilan bog‘liq birinchi holatdir.
1923-yilda ham respublikachilar birinchi urinishda Vakillar palatasi spikerini saylay olmagan. O‘shanda kongressmen Frederik Jillettni saylash uchun to‘qqizta raund kerak bo‘lgan. Undan avval 1859-yilda siyosatchilar Nyu-Jersi shtatidan respublikachi deputat Uilyam Pennington g‘alaba qozongunga qadar 44 marta ovoz bergan.
2022-yil noyabr oyida AQSHda oraliq saylovlar bo‘lib o‘tgandi, uning natijasida respublikachilar Vakillar palatasida 218 ta o‘rinni egallab, uni nazorat qila boshladi. Shundan so‘ng Nensi Pelosining o‘rniga yangi spiker tanlash zarurati yuzaga keldi, chunki Pelosi demokratlar vakili.
Respublikachilar partiyasi endilikda AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining kun tartibiga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Oldingi ikki yilda Kongressning yuqori va quyi palatalarini nazorat qilgan demokratlar respublikachilarning roziligisiz ham istalgan qonun loyihasini qabul qila olgan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)