Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekistonda asfalt va sement-beton yo‘llarning iqtisodiy va ekologik ko‘rsatkichlari qiyosiy tahlil qilindi. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari xabar bermoqda.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

O‘zbekiston so‘nggi paytlarda tranzit transporti uchun muhim markazga aylanib boryapti. Bunda avtomobillarda yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

Avtomobil yo‘llarini qurishda rivojlangan mamlakatlar tajribasini hisobga olish maqsadga muvofiq: AQSHda transport vositalari yuqori tezlikda harakatlanuvchi yo‘llarning 60 foizi sement-beton qoplamali.

Ushbu ko‘rsatkich Germaniyada 38 foizni, Avstriyada 46 foizni tashkil etadi. Xitoy va Yaponiyada ham ko‘proq sement-beton yo‘llar qurilyapti.

Rivojlangan mamlakatlarda sement-beton qoplamali yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan avtomobil yo‘llarining ulushi (%):

Foto: PMTI

Foto: PMTI

Xitoy sement-beton tezyurar yo‘llar qurilishini sezilarli darajada oshirmoqda. Yaponiyada mustahkamligi, oddiyligi va foydalanish muddatini hisobga olgan holda, tezyurar yo‘llardan tashqari, sement-betondan ko‘p qavatli yo‘l o‘tkazgichlari qurilgan.

Tabiiy muhitga zararli ta’sirlarni kamaytirish

O‘zbekistonda yo‘l qurilishida hamon asosan asfalt-beton qoplamadan foydalaniladi. Barcha yuklarning 95 foizi va yo‘lovchilarning 88 foizi avtomobil yo‘llarida tashiladi.

Zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, sohada yo‘llarni asta-sekin avtomobil o‘qlariga 13 tonnalik yuklamali yo‘llarga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Bu esa mustahkamlik xususiyatlarini sezilarli darajada oshirishni talab qiladi.

Sement-beton yo‘llar muhim afzalliklarga ega:

  • katta mexanik ta'sirlarga va katta o‘lchamli transport vositalarining og‘irligiga bardoshli va xizmat ko‘rsatish muddati uzoqroq;
  • transport kam yonilg‘i sarflaydi (10-20 foiz);
  • mustahkam beton qoplamadan 30 yoki undan ortiq yil davomida ta’mirlash ishlariga muhtoj bo‘lmasdan foydalanish mumkin. Asfalt qoplama esa 8-12 yil xizmat qiladi va vaqti-vaqti bilan ta’mirlashni talab etadi;
  • qoplama ekstremal ob-havo sharoitlariga, yuqori va past havo haroratiga yoki namlik o‘zgarishiga yuqori chidamlilikka ega;
  • ekologik oqibatlarni minimallashtiradi, transport vositalari harakat uchun minimal yonilg‘i sarflaydi;
  • tabiiy resurslarni tejash va ekologik xavfsizlik. Asfalt neftni sanoat usulida qayta ishlash yo‘li bilan olinadi, betonning asosiy tarkibiy qismlari esa zararli kimyoviy moddalar deyarli yo‘q bo‘lgan ohaktoshlardir.

Tuproq va qo‘shimcha qatlamlarni sement bilan mustahkamlash, beton qoplamani yotqizish yoki yo‘llarni rekonstruksiya qilish paytida asfaltning asosini sement bilan mustahkamlash yo‘llarni yanada mustahkam va iqtisodiy jihatdan foydali qiladi.

Qurilish vaqti qisqaradi, yo‘lning o‘zi kapital ta’mirsiz bir necha o‘n yillar xizmat qiladi va texnik xarajatlar pastligini oldindan aytish mumkin.

Beton yo‘llar yuqori yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega. Bu asos va pastki qatlamlarga yuklamaning bir xilligini va eskirishga chidamlilik koeffitsiyentini yetarli darajada ta’minlaydi. Ular barqarorlik xususiyatiga ega, shu jumladan, yuqori va past harorat ta’siriga.

Sement-beton yo‘llar sirt yopishqoqligining yuqori koeffitsientiga ega. Ularning yorqin yuzasi qorong‘ida yo‘nalish olishni osonlashtiradi va yozda qizib ketishni kamaytiradi. Bundan tashqari, sement-beton aks ettiruvchi effekti tufayli yoritish uchun elektr energiya sarfini 30 foizga kamaytiradi.

Eng muhim afzallik — bu umumiy iqtisodiy samaradorlik — sement-beton yo‘llarning hayotiy sikli asfalt-betonga qaraganda 2,5-3 baravar ko‘p.

Turli sharoitlarda sement-beton qoplamalarini qurishning boshlang‘ich qiymati asfalt betonga qaraganda 20-40 foiz qimmatroq bo‘lsa-da, hayotiy sikli nuqtai nazaridan asfalt qoplamalarini ta’mirlash va ishlatish xarajatlari shundayki, muqobil sement-beton qoplamalarni qurish va ishlatish ancha arzonga tushadi.

Har xil turdagi yo‘llarga xizmat ko‘rsatishning yotqizish narxiga nisbatan qiymati, (%):

Foto: PMTI

Foto: PMTI

Sement-beton qoplama, ayniqsa, transport vositalarining yuqori intensivligi va/yoki avtomobil transportining og‘ir yuki sharoitida o‘zini oqlaydi. Bitum importini kamaytirish orqali valyutani sezilarli darajada tejashga ham erishiladi.

Sement-beton yo‘llarning asosiy tarkibiy qismlari — sement va noruda qattiq qurilish materiallari (shag‘al, maydalangan tosh, qum va toshlar) deyarli barcha hududlarda ishlab chiqariladi. Bu esa qurilish maydoniga materiallarni tashish bilan bog‘liq issiqxona gazlarini kamaytirishda yordam beradi.

Shu bois mamlakatda sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari qatorida yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan yo‘llarni bosqichma-bosqich sement-beton qoplamaga o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, sement-betonni yotqizish asfalt-beton ishlariga nisbatan ancha murakkab texnologik jarayon ekanligini yodda tutish kerak.

Mamlakat turli mintaqalarda, shu jumladan Germaniya, Janubiy Koreya, Ispaniya va Ozarbayjonning yirik kompaniyalari ishtirokida sement-beton qoplamali magistral yo‘l uchastkalarini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha ancha uzoq muddatli tajribaga ega.

Andijon viloyatida sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan maqsadli klaster tashkil etildi. U 31 ta chekka mahalladagi 23 kilometrli yo‘llarni sement-beton aralashmasi bilan qoplab, 10 yilgacha texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z zimmasiga oldi.

Bu tajribani butun mamlakat bo‘ylab yoyish, 2022-yilda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 2,6 ming kilometrlik sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlashning klasterli usulini joriy etish rejalashtirildi.

Ushbu yo‘l klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022-yil oxirigacha ixtisoslashtirilgan uskunalar importi bojxona to‘lovlari va utilizatsiya yig‘imlaridan ozod qilinadi.

Beton issiqxona gazlaridan qutqaradi

“Yashil” qurilish talablariga javob beradigan tabiiy karbonatlanish jarayonida betonning issiqxona gazlarini yutish qobiliyatining ijobiy ta’siri Sharqiy Angliya universiteti tadqiqotlari bilan tasdiqlangan.

Olimlar 1930—2013-yillarda barcha binolar, inshootlar va beton qoplamalar tomonidan atmosfera karbonat angidridning mintaqaviy va global so‘rilishini modellashtirdi.

Bunda 4,5 gigatonna uglerod yoki 16 gigatonna karbonat angidridning so‘rilishi aniqlandi. Bu ularni yaratish jarayonida chiqadigan karbonat angidridning taxminan 43 foizi degani. Sement-beton qoplamalar uglerod izining kamayishiga hissa qo‘shadi.

Perdyu universiteti (AQSH) qurilish muhandisligi kafedrasi olimlari, shuningdek, beton aralashmasiga nano o‘lchovli titan dioksid qo‘shilishi betonning karbonat angidridni bog‘lash qobiliyatini deyarli ikki baravar oshirishini aniqladi.

Qurilish materiallari sanoatining tayyorligi

Sement-beton yo‘llarni qurishda asosiy qurilish materiallari sifatida ishlatiladigan mineral xomashyo – shag‘al, qum, toshlar toshlar mamlakatning deyarli barcha hududlarida mavjud.

2021-yilning yanvar—dekabr oylarida mahalliy korxonalar tomonidan sement ishlab chiqarish 12 foizga o‘sib, 14,2 million tonnaga yetdi.

2021-yil oxirida O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish quvvati 21 million tonnani tashkil etdi, 2022-yilda umumiy quvvati 3,8 million tonnani tashkil etadigan 5 ta investitsiya loyihasini yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, bu ushbu turdagi materiallarga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash, shu jumladan, sement-beton yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun qulay imkoniyatlar ochadi.

Xulosalar

“Yashil” qurilish tamoyillarining joriy etilishi jahon hamjamiyatining e’tiborini tortadi, mamlakatning ijobiy imidjini rivojlantirishga ta’sir qiladi, uning turli xalqaro indekslar, jumladan, kredit reytinglari darajasini oshirishda yordam beradi.

Yuqoridagilarga asoslanib, aniq ijobiy ekologik ta’sirni hisobga olgan holda, sement va unga asoslangan materiallardan uzoq muddatda, shu jumladan avtomobil yo‘llari qurilishida doimiy foydalanishni tavsiya etish mumkin.

Sement-beton yo‘llar qurilishini kengaytirish foydaliligining ijobiy argumentlari — hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yaxshilashga yordam beradigan beton zavodlarining mavjud quvvatlaridan to‘liqroq foydalanish imkoniyati, shuningdek, ko‘chma va ixcham tez o‘rnatiladigan beton zavodlaridan foydalanish, joylashuvining qisqa vaqt ichida o‘zgartirilishi va keyingi joyda yuqori sifatli beton ishlab chiqarish mumkinligidir.

Loyihaning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilashning qo‘shimcha omili, yuqoridagi afzalliklarga qo‘shimcha ravishda, samarasiz transport xarajatlarini kamaytirish bo‘ladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
General Pyotr Pavel Chexiyaning yangi prezidenti etib saylandi
Dunyo
Amerikadagi rus mafiyasi boshlig‘iga aylanib, Rossiyada o‘lim topgan “qonundagi o‘g‘ri” — “Yaponchik”. Kun xronologiyasida 29-yanvar
Mahalliy
“O‘tgan yil davomida ichki ishlar xodimlari bilan bog‘liq 644 ta salbiy video tarqalgan” — Shohrux G‘iyosov