Braziliya terma jamoasi hujumchisi Neymar JCH—2022 1-turi doirasida Serbiyaga qarshi kechgan bahsda (2:0) jarohat oldi.
Serbiya himoyachisi Nikola Milenkovich bilan to‘qnashuvdan keyin “PSJ” futbolchisining o‘ng oyog‘idagi boldir suyagi bilan tovon suyagini biriktiruvchi bo‘g‘inda og‘riq kuzatilgan.
Neymar o‘yinning 80-daqiqasida almashtirildi va zaxira o‘rindig‘ida libosi bilan boshini berkitgan holda o‘tirdi.
Braziliya terma jamoasi shifokori Rodrigo Lasmarga ko‘ra, Neymarning jarohati haqida biror nima deyish uchun tibbiy ko‘rik natijalarini kutish kerak. “Pentakampionlar” ustozi Tite esa Neymar JCH—2022 da yana to‘p surishiga ishonchi komil ekanini aytdi.
Mazkur bahsda Neymarga nisbatan 9 marta qo‘pollik ishlatildi. Bu JCH—2022 1-turi uchun eng yuqori natija. Undan keyingi o‘rinda Ispaniya yarim himoyachisi Gavi o‘rin olgan, unga nisbatan 5 marta qo‘pollik ishlatilgan.
Izoh (0)