Buyuk Britaniya Ukrainaga yuqori aniqlikdagi Brimstone-2 raketalarini yubordi, deb xabar bermoqda The Telegraph. Modernizatsiya qilingan raketalar lazerli mo‘ljalga olish tizimi va avvalgidan ikki marta uzoqroqqa otilishi bilan ajralib turadi.
London Kiyevga nechta raketa yuborgani noma’lum. Bitta snaryad narxi 175 ming funt sterlingga baholanmoqda. Parvoz masofasi samolyotdan uchirilganda 60 km, yerdan uchirilganda esa 12 kilometrga teng bo‘ladi. Yarim yilcha avval Buyuk Britaniya Ukrainaga Brimstone-1 raketalarini yuborgan edi. Bunday raketalar odatda havodan uchiriladi, biroq Ukraina harbiylari buning uchun modifikatsiya qilingan yuk mashinalaridan foydalanadi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak o‘tgan hafta Ukrainaga kelgan edi. Tashrifi chog‘ida u Kiyevga havo hujumiga qarshi mudofaa vositalarini, shu jumladan, 125 ta zenit qurollarini yetkazishga va vayron bo‘lgan infratuzilmani qayta tiklashda ishtirok etishga va’da bergan edi. Britaniya tomonidan taqdim etilgan ko‘mak 2022-yilda allaqachon 3 milliard funt sterlingdan oshgan.
Izoh (0)