Samarqand shahrida 27—28-oktabr kunlari Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining kuzgi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya doirasidagi tadbirlarda MDH PA tarkibidagi mamlakatlar parlamentlari delegatsiyalari rahbarlari va a’zolari, xalqaro tashkilot vakillari, olimlar va ekspertlar, jami 500 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Tadbir davomida hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. “Daryo” fotomuxbiri ikki kun davom etgan sessiya doirasidagi tadbirlardan fotogalereya tayyorladi.
Parlamentlararo Assambleya milliy parlamentlar tomonidan tayinlanadigan yoki saylanadigan a’zo davlatlarning parlament delegatsiyalaridan tashkil topgan bo‘lib, davlatlararo organ hisoblanadi. Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Ukraina, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston parlamentlari ushbu Assambleya a’zolari hisoblanadi. Kengash yilda ikki marta yig‘iladi va yalpi majlislarni o‘tkazadi.
Parlamentlararo Assambleyaning bugungi kun tartibida xavfsizlikning yangi xavf-xatarlari va tahdidlari alohida o‘rin egallamoqda. Mazkur masalada Assambleya tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar va xatti-harakatlar xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash maqsadini ko‘zlagan.
Tadbir davomida Tanzila Norboyeva MDHga a’zo davlatlarning Parlamentlararo Assambleyasi o‘zining 30 yillik faoliyati davomida hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga doir dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma muhokamalarni o‘tkazish va qarorlar qabul qilishda samarali maydonga aylangani, MDH hududida demokratik jarayonlar va parlamentarizmni, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva hamda Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov rahbarlik qiluvchi O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibiga Senatning 4 ta va Qonunchilik palatasining 5 ta qo‘mitasi raislari, Senatning 2 ta qo‘mita raislari o‘rinbosarlari kiritilgan.
Yalpi majlisda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinovga Chingiz Aytmatov nomidagi mukofotni berish to‘g‘risida MDH PA Kengashining qarori qabul qilindi.
Tadbirlar nihoyasiga yetgach, mehmon davlatlar delegatsiyalari “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasini tomosha qildi.
Izoh (0)