11-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarda tizimli muammolarni hal qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, tadbir avvalida boshlangan islohotlar, amalga oshirilayotgan loyihalarning barchasi inson qadrini ta’minlash orqali aholini rozi qilishga qaratilgani ta’kidlangan.
Joriy yilgi dasturlar doirasida 4 100 ta mahallani obod qilish, bog‘cha, maktab, sog‘liqni saqlash, suv, elektr, kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolarini hal qilishga budjetdan qariyb 29 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani ko‘rsatib o‘tilgan. Buning natijasida:
- 434 ta mahallada ichki yo‘llar ta’mirlangan;
- 672 ta mahallaga ichimlik suvi tarmog‘i tortilgani hisobiga, 1,5 million aholi ilk bora toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan;
- joriy yilda 2 mingdan ortiq mahallaga xizmat qiladigan 34 ta yangi maktab ishga tushirilgan, 338 tasi rekonstruksiya qilinib, 360 tasi ta’mirlandi. Bularning hisobiga 78 mingta yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratilgan;
- joylarda 580 ta transformator, 20 ming kilometr tarmoqlar yangilanib, 413 ta mahalladagi 1,5 million nafar aholining elektr ta’minoti yaxshilangan.
Izoh (0)