Ozarbayjonning “Azal” aviakompaniyasi Samarqandga parvozlarni boshlamoqda. Boku—Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reys 5-oktabr kuniga belgilangan. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, bu yo‘nalishda muntazam parvozlar haftasiga ikki marta Airbus A320 samolyotlarida: seshanba va juma kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Samarqand xalqaro aeroportida hokimlik, O‘zbekistondagi ozarbayjon diasporasi, Uzbekistan Airports, Air Marakanda va “Azal” aviakompaniyalari vakillari ishtirokida ilk reysning tantanali kutib olinishi rejalashtirilgan.
1992-yilda tashkil etilgan Ozarbayjon havo yo‘llari (“Azal”) yirik aviatashuvchi bo‘lib, Boeing va Airbus samolyotlarining zamonaviy parkiga ega bo‘lgan MDH mamlakatlari aviatsiya hamjamiyatidagi yetakchilardan biri hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, Samarqand Ozarbayjon aviatashuvchisi parvoz qiladigan O‘zbekistondagi ikkinchi shaharga aylanadi. Bokudan Toshkentga parvozlar muntazam ravishda payshanba va yakshanba kunlari amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)