O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov 28-sentabr kuni Qirg‘izistonning mamlakatdagi elchisi Musa Jamanboyev bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston—Qirg‘iziston hamkorligini rivojlantirish, oliy darajada avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va bo‘lajak uchrashuvlar jadvali yuzasidan fikr almashilgan.
Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqotlarni davom ettirish, ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Ikki tomonlama hamkorlikning savdo-iqtisodiy yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilgan. Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik subyektlari va ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rish muhimligi qayd etilgan.
Tomonlar turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb jihatlariga ham to‘xtalib, xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilgan.
Izoh (0)