“Ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash natijasida hosil bo‘lgan soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi.
Farmonga ko‘ra, foydalanilmayotgan obyektlar mulkdorlariga nisbatan oshirilgan stavkalarda qo‘llanilgan ta’sirchan soliq mexanizmi natijasida hosil bo‘lgan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha:
- mavjud soliq qarzi hisobdan chiqariladi;
- soliq qarzini undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil 1-iyuldan bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, tugallanmagan qurilish obyektlariga hamda ushbu obyektlar bilan band yerga mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini to‘xtatish tartibi bekor qilingan.
Izoh (0)