Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smoilov raisligida 27-avgust kuni Mudofaa sanoati komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligining qurol-yarog‘, harbiy texnika va harbiy mahsulotlar eksportini 2023-yil avgust oyi oxirigacha to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifini ko‘rib chiqdi.
Qayd etilishicha, bu taklif komissiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarni auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish hamda “Ruxsatnomalar va xabarnomalar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish rejalari muhokama qilindi.
Qozog‘istonning “Express K” axborot portali ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda keng turdagi qurollar ishlab chiqariladi. Ular orasida “Tarlan” raketa tizimi bor, uning otish masofasi 300 kilometrni tashkil etadi.
Avvalroq Qozog‘iston 2022-yil uchun mudofaa budjetini e’lon qilgan edi, bu 2021-yilda ajratilgan mablag‘dan deyarli uch barobar ko‘pni tashkil etgan.
Izoh (0)