Prezident Shavkat Mirziyoyev 17–18-avgust kunlari Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi. Bu haqda 15-avgust kuni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Sherzod Asadov davlat rahbarining joriy haftadagi ish jadvali bo‘yicha ma’lumot berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq Jidda shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Ularda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
Alohida e’tibor “yashil iqtisodiyot”, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, innovasiyalar, kichik biznes va tadbirkorlik sohalariga qaratiladi.
Sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlarning katta to‘plami imzolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, davlat rahbari Saudiyaning yetakchi kompaniyalari, nufuzli xalqaro tuzilmalar – Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Shu bilan birga prezident Makkai Mukarrama va Madinayu Munavvarani ziyorat qiladi. Ushbu tashrif oxirgi 30 yilda O‘zbekiston prezidentining Saudiya Arabistoniga birinchi tashrifi bo‘ladi.
Izoh (0)