AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida qurolsizlantirilgan hududga bormoqchi, u AQSH bilan birgalikda BMT va Shimoliy Koreya qo‘mondonligi tomonidan nazorat qilinadi. Bu haqda janubiy koreyalik mansabdorga tayanib, Associated Press xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Pelosi ushbu hududga 2019-yildan buyon tashrif buyurgan AQSHning eng yuqori mansabli amaldoriga aylanadi. 2019-yilda u yerga Amerikaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Donald Tramp borgan edi.
Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi aniqlik kiritishicha, Pelosi 1953-yilda Koreya urushiga nuqta qo‘ygan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi shartnoma imzolangan Pxanmunjom qishlog‘iga boradi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida Pelosi respublika Milliy majlisi spikeri Kim Jin-Pyo va parlamentning boshqa yuqori mansabli a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazib, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va iqlim masalalarini muhokama qiladi.
Pelosi keng muhokamaga sabab bo‘lgan Tayvanga tashrifidan keyin, 3-avgust kuni Janubiy Koreyaga yetib keldi. O‘zining Osiyo turnesi haqida e’lon qilayotib, u Tayvanni manzillardan biri sifatida tilga olmagan edi. Orolga kelganidan keyin Pelosi bu yerga tashrifidan maqsad “yorqin va dinamik” demokratiyani qo‘llab-quvvatlash va AQSHning Tayvanni qo‘llab-quvvatlash niyatini tasdiqlash bo‘lganini aytdi.
2-avgust kuni Tayvanga AQSH vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Osiyo turnesi doirasida yetib keldi; tashrif Xitoy rahbariyati tomonidan keskin tanqidga sabab bo‘ldi, uni provokatsiya deb atashdi. Oq uy esa Pelosining tashrifi AQSHning Xitoyga nisbatan siyosatida qandaydir o‘zgarish bo‘lganini anglatmasligiga ishontirdi.
Izoh (0)