Robert Levandovski “Bavariya” bilan xayrlashish uchun Germaniyaga yetib bordi.
Robert Levandovskining “Barselona”ga o‘tishi fonida hujumchi va “Bavariya” sport direktori Hasan Salihamijich o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan edi. Shu masalani hal qilib olish uchun polshalik hujumchi myunxenliklar sport direktori bilan suhbatlashdi.
“U mening ofisimda edi, biz o‘n besh daqiqa suhbatlashdik. Juda yaxshi suhbat bo‘ldi, ko‘p narsaga oydinlik kiritib oldik. Menimcha, u xayrlashganimizdan xursand. Men ham xursandman.
Axir Robert ‘Bavariya’ uchun ko‘p ish qilgan. Biz unga omad tilaymiz va Levandovski hozirda butun diqqatini hayotidagi yangi bosqichga qaratgan”, — deydi Salihamijich.
Shuningdek, Levandovski “Bavariya”ning barcha futbolchilari va xodimlariga o‘z imzosi va surati tushirilgan o‘ram bilan o‘ralgan shampan vinosi sovg‘a qildi.
Polshalik hujumchi iyul oyida “Bavariya”dan “Barselona” safiga o‘tdi. Kataloniyaliklar Robert uchun 45 million yevro va qo‘shimcha 5 million bonus sifatida to‘lab berdi. Levandovski “ko‘k-anorranglilar” bilan 2025-yilga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. 33 yoshli hujumchi soliqlardan tashqari yiliga 9 million yevro maosh oladi.
Izoh (0)