“O‘zgidromet” 1—5-avgust uchun ob-havo prognozini e’lon qildi. Unga ko‘ra, ushbu haftada kuchli issiq kutilmaydi.
1-avgust, dushanba kuni O‘zbekiston bo‘yicha quruq va biroz issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Havo harorati kunning ikkinchi yarmida 34-37 darajagacha ko‘tariladi.
Seshanba kuni Samarqand, Jizzax viloyatlari va respublika tog‘oldi va tog‘li hududlarining ba’zi joylarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Qolgan hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.
1—2-avgustda janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda shamol 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Hafta o‘rtasidan O‘zbekiston hududining katta qismida havo ochiq bo‘ladi, faqat respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Havo harorati biroz ko‘tariladi va kechalari 20-25 daraja, kunduz kunlari 34-39 daraja atrofida bo‘ladi.
1-avgustda tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Izoh (0)