O‘zbekistonda davlat boshqaruvining parlamentar respublika tizimiga o‘tish vaqti hali kelmagan. Bu haqda Konstitutsiyaviy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Akmal Saidovning ta’kidlashicha, hozir davlat boshqaruvini parlamentar respublikaga o‘tkazish vaqti emas.
“Konstitutsiyani isloh qilish borasida aholidan kelayotgan takliflardan biri – parlamentar respublikaga o‘tish masalasida bo‘lmoqda. Bilasizlar, davlat boshqaruvining prezidentlik boshqaruvi bor. Bunga Amerika Qo‘shma Shtatlari yaqqol misol bo‘la oladi. Parlamentar respublika bor. Bu boshqaruv tizimida eng ko‘zga ko‘ringan davlatlar Germaniya federativ respublikasi va Italiya. Va yarim prezidentlik boshqaruv tizimi ham mavjud. Bunga ko‘proq Fransiya to‘g‘ri keladi. Chunki u yerda ham prezident, ham hukumat bor.
Bizda ham parlament respublika qilish masalasida takliflar bildirilmoqda. Ammo u takliflar aniq emas. Ya’ni aytilayotgan tizim qanday bo‘lishi kerakligi aniq keltirilmagan. Germaniya federativ respublikasi parlamentar respublika. U yerda prezident bor, lekin asosiy vazifa kanslerda. Yoki Italiyada ham prezident bor, lekin u yerda asosiy shaxs bosh vazir hisoblanadi. Men o‘ylayapmanki, hozirgi kunda davlat boshlig‘ining o‘zi parlament rolini kuchaytirishi dunyoda yo‘q. Menimcha, parlamentar respublikaga o‘tishga bizlarga hali erta. Bu kerak ham emas”, – dedi spiker o‘rinbosari.
Avvalroq Akmal Saidov aholining jabrlangan toifasi o‘lim jazosini tiklash tarafdori ekanini aytib, konstitutsiyaning 24-moddasiga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan jumlani qo‘shish taklifini bildirgandi.
Izoh (0)