Ko‘plab o‘zbekistonlik ayol-qizlar o‘z mutaxassisliklari doirasida dunyo tanigan kompaniyalarda ishlab, mamlakat nomini ijobiy ma’noda tanilishiga hissa qo‘shmoqda.

Ulardan biri Amerikadagi Wellington Management xalqaro kompaniyasi mutaxassisi bo‘lsa, boshqasi mintaqa bo‘ylab faqat O‘zbekistonda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Venchur fondining yagona ayol ishchisi. Yana biri esa kelajakda yaratiluvchi texnologiyalarning maqsadli ishlashini ta’minlash uchun Yaponiya, Italiya va Shveysariya institutlarida ilmiy ish va o‘rganishlar olib borgan.

Navbatdagi qahramonimiz — Fransiyaning Parij shahrida yashab, Germaniyaning Dyusseldorf shahrida onlayn faoliyat yuritadigan 24 yoshli Sevara Xosiyatqulova. “Daryo” mutaxassis bilan ayollarning jamiyat, siyosat va boshqaruvdagi o‘rni haqida suhbatlashdi.

Foto: Kollaj / “Daryo”

Yevropa kompaniyalari kadr tanlashda ko‘proq ayollarni ma’qul topadi

“Yevropadagi kompaniyalarda xotin-qizlarning o‘rni boshqacha. Ular, asosan, ayollarni ishga olishni yoqtiradi. Ayollar samaraliroq ishlashiga, ko‘proq yaxshi natijalarga va muvaffaqiyatlarga erishishiga ishoniladi” — deydi Germaniyaning Henkel — maishiy kimyo sanoati kompaniyasi marketologi Sevara Xosiyatqulova.

Mamlakatdagi ayol-qizlarning o‘qib-o‘rganishga intiluvchanligi mahalliy nashrlar bergan ma’lumotlarda ham aks etadi:

Germaniyadagi ayollar o‘ta o‘qimishli bo‘ladi: o‘rta maktab bitiruvchilarining yarmidan ko‘proq qismini, universitetni tamomlaganlarning 50 foizini, doktorantlarning esa deyarli 45 foizini ayollar tashkil etadi.

Mamlakat ayollarining o‘qish davrida qilgan faolliklari, keyinchalik barcha sohada o‘z samarasini ko‘rsatgan. Masalan, 2021-yil bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng mamlakatda Germaniya sotsial demokratik partiyasi hamda Erkin demokratik partiya a’zolaridan tashkil topgan yangi hukumat tarkibi yuzaga keldi.

Endi mamlakat hukumatining 50 foizini ayollar tashkil etadi. Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklarining rahbarlik lavozimlari shu jins vakillariga yuklatilgan.

Foto: “rbc.ru”

Shuningdek, Ta’lim vazirligi, Atrof-muhit vazirligi hamda Oila ishlari bo‘yicha vazirliklarga ham ayollar rahbarlik qilmoqda. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vazirligi va Qurilish vaziri lavozimlariga ham ayollar tayinlangan.

Annelina Berbok — Federal Respublika tarixida tashqi ishlar vaziri lavozimidagi ilk ayol sanaladi.

Shu tariqa, yangi hukumatida sakkiz nafar ayol va sakkiz nafar erkak vazir faoliyat yuritmoqda.

Germaniya hukumatini 2021-yil amaldagi kansler Olaf Sholsga qadar 16 yil davomida boshqargan Angela Merkel esa 2005-yilda mamlakat tarixidagi ilk ayol va eng yosh kansler sifatida e’tirof etilgan.

Foto: Deutsche Welle

Rahbariyatga endi kelganlarning samarasi keyinroq bilinar, ammo Germaniya sobiq kansler Angela Merkel davrida qanday natijalarga erishgani-yu, boshqa mamlakatlar uchun namuna darajasiga yetgani barchaga ma’lum.

Ayollar iqtisodiyotda

“Deutschland.de” nashrining 2022-yil mart oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar boshqaruvchi, olim, va mutaxassislikdan tashqari, Germaniya iqtisodiyotida ham muhim rol o‘ynaydi.

Mamlakat statistik qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa ittifoqidagi davlatlar bilan taqqoslaganda Germaniya ayollar bandligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi.

2019-yilda 20 dan 64 yoshgacha bo‘lgan ayollarning 76,6 foizi haq to‘lanadigan ish joylarida ishlayotgan vaqt, erkaklarning bandlik darajasi 84 foizni tashkil etgan.

Boshqaruvchi lavozimidagi ayollar

Germaniya iqtisodiyot va energetika vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, boshqaruvchi lavozimlarda ko‘proq (88,4 foiz) erkaklar faoliyat yuritadi.

Biroq 2022-yilda 160 nafar kompaniya boshqaruv kengashining ayol a’zolari soni bir yilda 20 taga ko‘payib, 94 nafar top menejerni tashkil etdi.

2016-yilning boshidan Germaniyada 30 foizlik gender kvotalari joriy etilgan. Unga ko‘ra, yuzga yaqin yirik kompaniyalarning kuzatuv kengashida ayollar uchun vakant lavozimlar yaratilgan.

2017-yil raqamli texnologiyalar bo‘yicha ekspert Frensi Kyune Germaniya kuzatuv kengashining eng yosh a’zosi sifatida e’tirof etilgan.

Xorij amaliyoti ko‘p sohada o‘z samarasini berib kelmoqda. O‘zbekiston ham ayol-qizlar ta’limi borasida ham Germaniyadan o‘rnak olib, yanada ko‘proq va jiddiyroq e’tibor qaratadigan bo‘lsa, ajab emaski, bu tez orada o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatadi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yoshligidan bilimga chanqoq Sevara ham bolalikda otasining marketingga oid kitobini o‘qiyverib, sohaga muhabbat qo‘ygan.

Atrofidagi boshqa qizlar o‘yin-kulgi, balki uyning tugalmas ishlariga sho‘ng‘ib ketgan bir vaqtda, u O‘zbekistondagi Vestminster, Germaniyadagi Mayns universitetlarida bakalavr va magistratura bosqichlarini, qo‘shimcha bilimga ega bo‘lish uchun Fransiyadagi iqtisodiyot maktabida ham ta’lim olgan.

Hozir esa Dyusseldorf shahridagi Henkel kompaniyasida marketolog bo‘lib ishlaydi. Uning endigi asosiy maqsadi — xalqaro tajribalar asosida o‘z brendini yaratishdir.

O‘zbekistondagi Xalqaro Vestminster universitetida bakalavr bosqichini o‘qiyotgan vaqtimdan Germaniyaga kelgunimga qadar marketing sohasida olti yil ishladim. Keyinchalik eng mashhur DAAD grantiga hujjat topshirdim va muvaffaqiyatli o‘tib, magistratura bosqichini Germaniyada boshladim, — deydi mutaxassis.

DAAD (Deutscher Akademischer Austaschdients) — Germaniya akademik almashinuv birlashmasi bo‘lib, u har yili Germaniya OTMlarida magistratura bosqichini o‘qish uchun bir talabaga (yiliga) 1000 yevrogacha stipendiya ajratadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa ta’lim muassasalarida o‘qish orqali u nemis va fransuz ta’lim tizimining har xilligini o‘rganish hamda taqqoslash imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Foto: Sevara Xosiyatqulovaning shaxsiy arxividan

Ishga kirish jarayonlari Sevaraga unchalik qiyinchilik tug‘dirmagan. Kompaniya, mutaxassisdagi qirralar aynan ular izlayotgan ish o‘rniga juda mos ekanini ta’kidlagan.

“Henkel’ga ishga kirish uchun arizani kompaniyaning veb-sayti orqali topshirganman. Keyin intervyu bo‘lgan va birozdan so‘ng telefon orqali ishga qabul qilinganimni ma’lum qilib, Job offer — ishga taklif xatini yuborishgan”, — deydi kompaniya marketologi.

Foto: Sevara Xosiyatqulovaning shaxsiy arxividan

Chet eldagi eng asosiy qiyinchilik bu — sog‘inch. Biroq ortga qaytish haqida o‘ylamaganman

O‘zbekistondan uzoqdaligimga bir necha yil bo‘ldi. Chet eldagi eng asosiy qiyinchilik bu — sog‘inch. Oila a’zolarim, go‘zal tabiatimiz va mazali taomlarimizni juda ko‘p sog‘inaman. Biroq ortga qaytish haqida o‘ylamaganman, chunki bu yerga o‘qishimni muvaffaqiyatli yakuniga yetkazish kerakligini bila turib kelganman.

Qiyinchiliklar makonni o‘zgartirish bilan yo‘q bo‘lib qolmaydi. E’tiborni asosiy maqsadga qaratib, unga yetish uchun kerak bo‘lgan barcha bosqichlardan o‘tish kerak deb bilaman.

Foto: Sevara Xosiyatqulovaning shaxsiy arxividan

O‘zbekistondagi mahalliy kompaniyalar murojaat qilsa, maslahatimni ayamayman

“O‘zim uzoqda bo‘lsam-da, O‘zbekistondagi kompaniyalar bilan doimiy aloqadaman. O‘zbekiston bozori men uchun hamisha qiziq bo‘lgan.

Foto: Sevara Xosiyatqulovaning shaxsiy arxividan

U yerdagi mutaxassislar men bilan tez-tez bog‘lanib turishadi. Mamlakat rivoji uchun men ham ulardan maslahatimni ayamayman. Bu aloqalar kelajakda ham yo‘qolmaydi”, — deydi Henkel kompaniyasining marketologi.

Mening o‘qib, izlanganlarim, bilim ketidan uzoq yurtlarda bo‘lganim zoye ketmayotganini hamda fikrim o‘zim faoliyat yuritayotgan Germaniya kompaniyasidan tashqari, boshqalarga ham muhim va qiziq ekanini bilish — menga yanada kuch beradi.

Kelajak — IT va marketing sohalari qo‘lida

Marketing — o‘ylaganimizdan ancha muhimroq soha. Umuman, kelajak — IT va marketing sohalari qo‘lida deb o‘ylayman, chunki har qanday mahsulot yoki xizmatni sota bilish va kuchli brend qurish, tanitish uchun marketing sohasi juda zarur.

Nega eng zamonaviy va kuchli — luxury brendlarning barchasi chet elda yaratiladi? 

Jahon talablariga mos, eng taniqli mashinalar Germaniyada, eng mashhur luxury brendlar esa Fransiyada yaratiladi.

Foto: “str2.ru”

Brendlar bo‘yicha ro‘yxatga qaralganda ham ilk yuztalik o‘rinlarni Fransiya egallaydi.

Xalqaro standartlar bo‘yicha eng kuchli brendlar — luxury brands deyiladi.

Nega? Chunki bu davlatlar, albatta, eng avvalo sifat jihatidan mukammallikka intiladi. Keyingi o‘rinda esa marketing qilishni, brend yaratishni yaxshi biladi.

Mahsulot qanchalik sifatli va kuchli bo‘lmasin, agar kompaniya brend yaratishni, marketing qilishni bilmasa, u mahsulot haqida hech kim bilolmaydi yoki yetarli ma’lumotga ega bo‘lolmaydi.

Demak, mahsulot yaratish bilan birgalikda, juda muhim bo‘lgan vazifa — brend yarata olishdir. Shuning uchun har bir davlat, har bir korxona bu narsaga katta e’tibor qaratishi kerak.

Foto: Sevara Xosiyatqulovaning shaxsiy arxividan

O‘g‘il bolaning o‘qitilishi — bir kishiga, qiz bolaning o‘qitilishi esa butun jamiyatga ta’lim berish bilan teng

O‘ylashimcha, ayollarning ta’lim olishiga hamisha katta e’tibor qaratish zarur. Bir erkak kishini o‘qitsak, bir kishiga ta’lim bergan bo‘lamiz. Bir ayolni, qiz bolani o‘qitsak — butun jamiyatni o‘qitgan bo‘lamiz.

Ayollar o‘z orzulariga, kuchiga va bilimiga ishonib, orzu orzuligicha qolmasligi uchun uning mas’uliyatini ham o‘z bo‘ynilariga olishlari kerak.

Asl maqsad ayol-erkak deb ajratish emas, hech bo‘lmaganda imkoniyatlarni teng taqsimlanishiga turtki bo‘lishdir. Shunday ekan, farzand qaysi jins vakili bo‘lmasin, uning shaxs sifatida o‘sib, rivojlanishi uchun imkon berish, kerak bo‘lganida esa qo‘llab-quvvatlash — kelajagimiz uchun muhim qadam sanaladi.

Muallif:Muqaddas Musayeva