Samarqandda mahalladoshini pichoqlab, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan 23 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi, deb xabar beradi “Zamon.uz”.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning kuzida sudlanuvchi Samarqand tumani “Pastohalik” mahallasi hududidagi dala maydoni yonidan o‘tgan yo‘l chetida Damas avtomobilida tunda tanish qizi bilan birga o‘tirgan bo‘lgan.
Shu mahallada yashagan marhum o‘zining Nexia avtomobilida kelib, ulardan “bu yerda nima qilayotganliklarini” so‘ragan va o‘rtada janjal kelib chiqqan. Sudlanuvchi o‘zidan yoshi katta kishiga kuchi yetmasligini bilgach, mashinasida bo‘lgan pichoq bilan uning chap ko‘krak qafasiga va chap dumba sohasiga bir martadan urgan. Ko‘p qon yo‘qotgan 28 yoshli yigit voqea joyida vafot etgan.
Ayblanuvchi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand sudida Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Avvalroq Jizzaxda 45 yoshli cho‘pon mast holda ikki sherigini pichoqlab o‘ldirgani, Farg‘onada 45 yoshli erkak xotinini bolta bilan chopib tashlagani, Toshkentda 10-sinf o‘quvchisi tanishi tomonidan urib o‘ldirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)