Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

Uch yil burun O‘zbekistonda kosmonavtika sohasini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tashkil etilgan edi. Ammo o‘tgan vaqt davomida bu tashkilot nima ish qilayotgani, qanday rejalar bilan faoliyat yuritayotgani to‘g‘risida jamoatchilikka deyarli ma’lumot berilmadi. Hatto aholi orasida “O‘zbekkosmos” nomli agentlik borligini bilmaydiganlar ham ko‘p bo‘lsa ajabmas. “Daryo” muxbiri 12-aprelXalqaro kosmonavtika kuni munosabati bahona bir qancha savollarga javob olish niyatida agentlik boshqarma boshlig‘i Muhiddin Ibragimov bilan suhbatlashdi.

— “O‘zbekkosmos” agentligini tashkil etish haqidagi ilk tashabbus 2018-yilda bildirilgan. 2019-yilda prezident farmoni imzolanib, agentlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tashkilot birinchi matbuot anjumanini uch yildan so‘ng, ya’ni shu yilning mart oyida o‘tkazdi. Agentlik faoliyati ko‘pchilikka tanish emasdek. Buning sabablarini qanday izohlaysiz?

— Haqiqatan, 2018-yili kosmos mavzusi ko‘tarilgan. Bir yildan keyin davlatimiz rahbari farmonga imzo chekkach, Vazirlar Mahkamasi huzurida “O‘zbekkosmos” agentligiga asos solindi. 2020-yilning yozida agentlikka rahbar tayinlandi va yil yakuniga qadar jamoa shakllantirildi.

“O‘zbekkosmos” boshqarma boshlig‘i Muhiddin Ibragimov
Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Bu vaqt ichida “O‘zbekkosmos” nima ish bilan shug‘ullansa, jamiyatga, davlatga ko‘proq foyda keltiradi, degan savolga jamoamiz bilan javob topishga kirishdik. Birinchi navbatda, O‘zbekistonga har tomonlama o‘xshash davlatlar, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa MDH, Yevropa, Osiyo mamlakatlarining kosmos sohasining rivojlanish yo‘li, tajribasini o‘rganishga qaror qildik, ulardagi kosmik agentliklar nimalar bilan shug‘ullanishiga qiziqdik.

Shunga guvoh bo‘ldikki, ayrim davlatlar katta mablag‘ evaziga sun’iy yo‘ldosh uchirgandan keyingina bu resursni qanday qilib ishlatish ustida bosh qotirgan. Ba’zilari esa bosqichma-bosqich kosmik texnologiyalarni kiritib borgan va bozorni tayyorlab, so‘ng katta mablag‘ sarflagan. Masalan, Qozog‘istonda yerni masofadan zondlash orqali ma’lumotlarni aniq, inson omiliga bog‘liq bo‘lmagan holda olish amaliyoti 2018-yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida, noqonuniy holatlar aniqlangan.

Biz ham geologiya, kadastr, suv va qishloq xo‘jaligi, yer munosabatlari, ekologiya kabi sohalarda kosmik monitoringni joriy etishni maqsad qildik. Shu orqali davlatga, iqtisodiyotga, xalqqa katta yordam bergan bo‘larkanmiz. Buni qilish uchun milliard-milliard mablag‘ bo‘lish shartmas.

Jamoamiz bilan rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqib, uni hukumatga taqdim etdik. Qo‘llab-quvvatlanganidan so‘ng 2021-yildan asosiy faoliyatimiz boshlandi. 2022-yilning martida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida esa o‘tgan bir yil mobaynida amalga oshirgan ishlarimiz bo‘yicha ommaviy axborot vositalari oldida hisobot topshirdik.

— Faoliyati noldan boshlangan agentlik kadrlar masalasini qanday hal qilmoqda? Kosmonavtlarni tayyorlaydigan maktabni yo‘lga qo‘yish rejada bormi?

— Bu ham yechimini kutayotgan muammolardan biri. Shu vaqtgacha kosmik soha uchun kadrlar tayyorlanishi mamlakat ichida yo‘lga qo‘yilmagan edi, oliygohlarda yo‘nalishlar ham bo‘lmagan. “O‘zbek koinot” nomli tashkilot 2001-yilda tugatilgan. Shundan so‘ng bu soha to‘xtagan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 2018-yildangina e’tibor qaratila boshlandi.

Kadrlar masalasini hal etishda Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Rossiya singari o‘nlab mamlakatlardagi oliy o‘quv yurtlariga murojaat bilan chiqqanmiz, muzokaralar davom etyapti. O‘zbekistondagi Turin, O‘zMU, Inha kabi universitetlar bilan memorandum imzolaganmiz. Kadrlar tayyorlash bilan birga ularga imkoniyatlar yaratish ustida ham jiddiy bosh qotirib, amaliy ishlarni qilishimiz zarur. Agar yetarli sharoit bo‘lmasa, tayyorlagan kadrlarimiz o‘qishni bitirgach, ishlash uchun xorijga ketishi aniq.

Shuningdek, oldimizda tadqiqot o‘tkazish va mutaxassislar ko‘paytirish masalasi ham turibdi. Har bir narsa fundamental ilmga borib taqaladi. Ilm-fanga e’tibor qaratilsa, keyin tadqiqot paydo bo‘ladi. Fundamental ilmga faqat davlat mablag‘ tikadi, hamma mamlakatda shunday. Yaqinda aerokosmik sektorda startaplar uchun inkubatsiya dasturini ishga tushirdik. Dastur biznes g‘oyalari bor, shu sohaga yaqinroq kasb egalari va qiziqadiganlarga mo‘ljallangan. Ularni yig‘ib, jamoa shakllantirmoqchimiz.

— Agentlik o‘tgan vaqt davomida amalga oshirgan qaysi ishlari va natijalari bilan maqtana oladi?

— 2021-yili bir qancha sohalarda tajriba sinov tariqasida qator loyihalarni amalga oshirdik. Dastlab Samarqand shahrida avtoyo‘llarni raqamlashtirish bo‘yicha kichik pilot loyiha ustida ishladik. Ya’ni avtomobil yo‘llarining uzunligi, qoplami, qancha chizig‘i borligi va boshqa holatlarni o‘rgandik. 2021-yilning avgust oyida Jizzax viloyati Zomin tumanidagi o‘rmon yong‘ini tufayli zarar ko‘rgan 38 gektar maydon o‘rmon hududi hamda yong‘in o‘chog‘i kelib chiqish hududi bo‘yicha kunlik kosmik suratlarni va birlamchi tahlil ma’lumotlarini o‘zida mujassamlashtirgan ma’lumotlar bir ish kunida taqdim etilgan.

O‘rmon xo‘jaligi, geologiya sohalarida ham qilgan pilot loyihalarimiz natijasini hukumatga taqdim etdik. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasi Chorvoq suv ombori atrofidagi hududlarni monitoring qilish bo‘yicha qaror chiqardi. Unga ko‘ra, 12 mingdan ortiq obyektlar, ya’ni ehtimoli yuqori bo‘lgan noturar joylar, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar, 2 yil davomida o‘zlashtirilmagan yerlar to‘g‘risidagi birlamchi ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. So‘ngra mazkur ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan geoaxborot platformasi ishlab chiqilib, unga yuqorida ta’kidlangan ma’lumotlar yuklanishi ta’minlangan.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Bugungi kunda ham bir qator loyihalar ustida ishlar olib borilyapti. Xususan, Prezident qarori bilan 2022-yil yakunigacha sinov tariqasida Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Qibray, Toshkent tumanlaridagi noqonuniy qurilishlarni aniqlab, bu bo‘yicha tegishli tashkilotlarga ma’lumotlar kiritish vazifasi qo‘yilgan. Agar mazkur tajriba o‘zini oqlasa, butun mamlakat bo‘yicha tatbiq etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Fransiyaning Airbus International kompaniyasi bilan hamkorlikda “Geo ferma” pilot loyiha ustida ishlayapmiz. Unga ko‘ra, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om, Jomboy, Oqdaryo tumanlaridagi qishloq xo‘jaligi yerlari uchun kosmik monitoring amalga oshiriladi. Loyiha Fransiya hukumatining Fasep grant dasturi doirasida moliyalashtiriladi. Maqsad shuki, mazkur tumanlarda qancha gektar qishloq xo‘jaligi yerlari borligi, ularga nimalar ekilayotgani, ekinlarning qanday holatdaligi, suv yetib borishi yoki suvsizligi kabi bir qancha holatlar real o‘rganiladi. Jarayon 18 oy davomida bug‘doy va paxta mavsumida bo‘lib o‘tadi. Bu loyiha kosmik monitoringning qanchalik afzalligi borligini ko‘rsatadi. Agar loyiha ijobiy natija ko‘rsatsa, buni ham respublika bo‘ylab joriy etish taklifini ilgari suramiz.

Shuningdek, o‘rmon fondining kamayishi yoki ko‘payishi, qurish alomatlari, qanday kasalliklar borligi bo‘yicha ham kosmik monitoring o‘tkazish maqsad qilingan. 450 ming kvadrat kilometr hududni faqat yuqoridan monitoring qilish kerak. Bu borada inson omili ham, dronlar ham aniq ma’lumotlar chiqarib berolmaydi.

— Siz yuqorida ta’kidlagan ishlarni turli vazirlik va tashkilotlar ham bajaradi, ular bu haqda jamoatchilikka hisobot bergan paytda ko‘p aytiladi. Bir vazifani bir qancha tashkilotlarga yuklatilishi qanchalik to‘g‘ri, sizningcha?

— To‘g‘ri, noqonuniy qurilishlar bilan ham, o‘rmon xo‘jaligi fondi bilan ham boshqa vakolatli tashkilotlar shug‘ullanadi. Bizda takrorlanadigan vazifa yo‘q. Yangi texnologiyalarni kiritgan holda ularning ishini optimallashtirishga yordam beryapmiz, asosiy vazifamizning bir qismi sifatida ko‘maklashyapmiz. Bu haqda Prezident farmonida ham belgilangan. Odam omilini kamaytirib, real holatni qog‘ozda emas, raqamlashtirilgan holda ko‘rish imkoniyatimiz bor.

Agentlik tashkil etilgach, kosmik monitoring qilish amaliyoti joriy etildi. Kosmik suratlardan foydalanish dunyo uchun yangilik emas. Shu vaqtgacha O‘zbekistonda bepul sun’iy yo‘ldoshlardan foydalanib kelingan. Lekin ular taqdim etgan suratlar juda noaniq bo‘lgan va ulardan kam foydalanilgan.

— Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov to‘rt yil oldin “O‘zbekiston yaqin kelajakda o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchiradi”, degan edi. Bu qachonga mo‘ljallangan?

— O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh deyilsa, ko‘pchilik internet masalasini ko‘taradi va shunday tushunadi. “Sun’iy yo‘ldosh uchirsak, internetimiz zo‘r bo‘lib ketadi”, degan fikr bor. Aslida sun’iy yo‘ldoshning turi ko‘p. Bugungi kunda yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshi va aloqa sun’iy yo‘ldoshi ancha ommalashgan.

Hozir sun’iy yo‘ldosh Qozog‘iston, Turkmaniston va Ozarbayjonda ham bor. Mazkur davlatlar 2014-yilgacha kosmosga o‘z sun’iy yo‘ldoshlarini chiqargan. Ular geostatsionar deyiladi va 36 ming kilometr balandlikka uchiriladi. Bu yo‘ldosh internet uchun emas, mustaqil aloqani ta’minlab berish uchun qilinadi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

1990-yil oxiri va 2000-yil boshlarida internetning kabeldan kelishi qiyin masala bo‘lgan. Shuning uchun odamlar antenna o‘rnatib, sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalangan. U paytda 1 megabit, 2 megabit internet juda katta tezlik hisoblangan, hamma joyga infrastruktura bormagan bir paytda sun’iy yo‘ldosh internetini ishlatish qiziq, foydali va qulay edi. Hozirgi paytda O‘zbekiston hududiga optik tola orqali kirib kelayotgan va tarqalayotgan internet tezligi hamda sifatini aloqa sun’iy yo‘ldoshlari yaxshilab bera olmaydi. Geostatsionar, yuqori orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar bilan hozirgi optik tola orqali kirib kelayotgan internetni taqqoslab, raqobatga qo‘yib bo‘lmaydi. O‘zbekiston singari Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmanistonga ham internet hozirgi paytda optik tola orqali kirib keladi.

Lekin bugungi kunda SpaceX kompaniyasining Starlink loyihasi quyi yer orbitasida minglab sun’iy yo‘ldoshlar uchiryapti. Ushbu sputniklar yerga yaqin bo‘lgani uchun 300-600 kilometr balandlikda uchib yuradi. Ular bizdagi optik tola bilan taqqoslab bo‘ladigan tezlikdagi internetni yetkazib beradi. Masalan, optik tolada internet uzatish tezligini Nyu-Yorkdan Toshkentgacha 56 millisekund deb olsak, Starlink’da bu kosmos orqali bo‘lgani uchun 40-42 millisekund tezlik imkoniyatini beradi. SpaceX kompaniyasi mazkur loyihasi orqali butun dunyoga internet tarqatmoqchi. Borish qiyin bo‘lgan joylarda O‘zbekiston minglab sun’iy yo‘ldosh uchirishi mantiqsiz, deb o‘ylayman.

Mustaqil aloqani ta’minlab berish maqsadida sun’iy yo‘ldosh uchirish rejamizda bor. Agar davlatimizda bu sun’iy yo‘ldosh beradigan imkoniyatlarga talab bo‘lsa, buni albatta, amalga oshiramiz. Kosmik faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqish arafasidamiz. Biz qo‘ygan strategiya va imkoniyatlar o‘z vaqtida bosqichma-bosqich bajariladigan bo‘lsa, 2030-yilgacha uchirish maqsad qilingan.

Shuni alohida aytishim kerakki, kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish har doim juda katta mablag‘ talab qiladigan jarayon bo‘lgan. Har qanday loyihaga qancha pul ishlatilsa, albatta, jamoatchilik va aholida turli savollar tug‘iladi. “Hayotimizda nimalar o‘zgardi, nima yangilik bo‘ldi?”, kabi o‘rinli savollarga mantiqiy javob ham bo‘lishi kerak.

— Agentlikka har yili davlat budjetidan qancha mablag‘ ajratiladi? Bu summa imkoniyatlaringizni ko‘rsatib, katta ishlar qilish uchun yetadimi?

— O‘tgan yili 3 milliard so‘m pul ajratilgan va bu oyliklarni yopish uchun ishlatilgan. Asosan, chet eldagi hamkorlarimiz yordami bilan loyihalarni amalga oshirganmiz. Lekin davlat ham biz nimalar qila olishimizga qarab pul beryapti. 2022-yil uchun 30 milliard so‘mdan sal ko‘proq mablag‘ berildi. Bu kosmik soha uchun katta pul emas. Boshqa vazirlik va agentliklarga ajratiladigan mablag‘larga solishtirganda ham kichik summa. Ammo bizga shuncha pul kerakligini o‘zimiz rejalarga asoslanib, so‘radik. 30 milliardga 4-5 sohada kosmik monitoring jarayonini bajaramiz. Ko‘rsatgan natijamizga qarab, ajratiladigan mablag‘ miqdori ham o‘sib boraveradi.

— “O‘zbekkosmos” Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga tegishli Starlink internet sun’iy yo‘ldoshlari bilan hamkorlik qilishi mumkinmi?

— Agentlik faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, O‘zbekiston BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi hamda MDH hukumatlararo kosmik kengashiga a’zo bo‘lgan. Shu bilan birga, Hindiston, Qozog‘iston, Fransiya va Koreya kosmik agentliklari bilan shartnomalar imzolagan. Dunyoning Maxar, Airbus, Planet, Hexagon, SSI Monaco, Viasat, OneWeb, ESRI kabi yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Shu qatorda SpaceX kompaniyasi bilan ham hamkorlik qilish maqsadida ularga aloqaga chiqqanmiz va loyiha xodimlarini O‘zbekistonga taklif qilganmiz.

2021-yilning iyun oyida delegatsiya vakillari yurtimizga tashrif buyurdi va mazkur texnologiyani O‘zbekistonda tatbiq etish bo‘yicha ilk kelishuvga erishdik. Muzokaralar davom etmoqda. Chunki har bir davlatning o‘z qonun-qoidalari mavjud. Joriy yilning 10–11-may kunlari Toshkentda agentlik tomonidan Markaziy Yevrosiyo mintaqasida ilk bor xalqaro kosmik texnologiyalar konferensiyasi (STC-2022) bo‘lib o‘tadi. Ushbu yirik konferensiyada SpaceX kompaniyasining Starlink loyihasi delegatsiyasi ham qatnashadi va kelishuvning keyingi bosqichini o‘tkazamiz. Bundan tashqari, bir qator internet sun’iy yo‘ldoshlari vakillari ham ishtirok etadi.

— Tashkil etilganiga ikki yil bo‘lgan agentlikning may oyida katta tadbirga mezbonlik qilishidan maqsad nima?

— Yirik kompaniyalar va hamkasblarimizga borligimizni bildirish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularni bir joyga yig‘ish maqsadida konferensiya o‘tkazishga qaror qildik. Ularning takliflari, tajribalari biz uchun muhim. “Space Technology Conference STC-2022” konferensiyasida AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Monako, Kanada, Shvetsiya, Finlyandiya, Hindiston, Turkiya, BAA, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston singari ko‘plab mamlakatlardan ham delegatsiya vakillari kelishi kutilmoqda.

Mirolim Isajonov suhbatlashdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Shou-biznes
Kayli Jenner — 25 yoshda: chandig‘i bilan faxrlanadigan, fermer bo‘lishni orzu qiladigan sayyoradagi eng yosh milliarder qiz haqida qiziqarli ma’lumotlar
Sport
Rasman: Mahmud Murodov UFC 280 da jang qiladi
Mahalliy
O‘zbekistonda 13-avgust kuni kuzatiladigan ob-havo ma’lumoti